Sirdaryodagi ichimlik suv va kanalizatsiya holati tahlil qilindi

14.05.2025 15:36
12

Sirdaryo viloyatida so‘nggi yillarda ichimlik suv va oqova tizimlarini yaxshilashga katta mablag‘ va e’tibor qaratilmoqda. Ammo suv bor joyda muammo ham bor, deganlaridek, hali hanuz yechimini kutayotgan masalalar oz emas.

Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining qo‘shma majlisida shu masala chuqur muhokama qilindi. Raqamlar tilga kirsa, oxirgi yetti yil ichida viloyatda suv bilan ta’minlash darajasi 63,9 foizdan 87,7 foizgacha oshib, 453 mingdan ortiq odam hayotida sifatli o‘zgarish bo‘lgani aniqlandi.

2024-yilda o‘z holicha 37 milliard so‘m sarflanib, 9 ta suv inshooti qurilib, 62 kilometrdan ziyod yangi suv quvurlari tortilgan. Bu bilan 12 ming aholining suv bilan bog‘liq muammosi yechildi. Yana 8 ming kishi ilk bor ichimlik suviga ega bo‘ldi!

2025-yilga esa rejalar yanada kattaroq: 43 milliard so‘m evaziga 12,4 km ichimlik suv va 3,3 km oqova tarmoqlari tortiladi, yana 1 ta inshoot barpo etiladi. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ham 118 milliard so‘m ajratib, 66 km ichimlik va 22 km oqova tarmoqlari, 87 ta suv inshooti qurilishi, 343 ta inshootga zararsizlantirish uskunalari o‘rnatilishini rejalashtirgan.

Ammo yaxshi xabarlar qatorida og‘riqli raqamlar ham bor. Viloyatdagi suv inshootlarining 11 foizi va suv tarmoqlarining 17 foizi ta’mirtalab. Guliston shahrida bu ko‘rsatkich 40 foizga yetgan. Sayxunobod, Boyovut va Xovos tumanlarida ham vaziyat unchalik ijobiy emas.

Ayniqsa, ayrim mahallalar — Mirzaoboddagi “Bahoriston” va “Yo‘ldoshobod”, Xovosdagi “Sharqobod”, Sardobadagi “Zomin Turt tom”, Sayxunoboddagi “Yangiobod” — hanuzgacha ichimlik suvsiz qolmoqda. XXI asrda bunday holat, albatta, e’tibordan chetda qolmasligi kerak.

Deputatlar har bir qurilish joyiga mas’ul qilib biriktirilgan, nazorat kuchaytirilgan. Endi masala — bajarilish sifati va tezligida.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish