Qoraxoniylar davlatida Yusuf Qodirxon davri alohida o‘rin tutadi. Tangalardan o‘rganilgan maʼlumotlarga ko‘ra, u 1013-1314 yillarda Yorkendda, 1014-1015 yillarda Qashqarda ham hukmronlik qilgan.
1025 yil Yusuf Qodirxon va Mahmud G‘aznaviy bir paytda Movarounnahrga, Alitegin ustiga yurish qilishgan. Gardiziyning yozishicha, Samarqand yaqinida Qodirxon Yusuf Mahmud G‘aznaviy bilan uchrashgan, o‘rtada bitim tuzilgan. Yusuf Qodirxon Aliteginning akasi To‘g‘onxonni Bolasog‘undan siqib chiqargan. Yusuf Qodirxonning mulki 1032 yilga kelib Sharqiy Turkistondan tashqari Yettisuv va Janubiy Qozog‘istonni qamrab olgan. Poytaxt Koshg‘ar shahri bo‘lgan. U Bug‘roxon unvoni bilan xonlik qilgan.Undan keyin taxtga o‘g‘li Husaynxon o‘tirgani haqida maʼlumotlar bor.
Amerikalik turkolog olim Omelyan Pritsakning maʼlumotlariga ko‘ra, Husaynxon “Devonu lug‘atit turk” asari muallifi Mahmud Koshg‘ariyning otasi edi. Mahmud Koshg‘ariy 1027-1028 yillarda hozirgi Issiqkul yaqinidagi Barsqan shahrida tug‘ilgan. Saroyda otasi va bobosining qo‘lida taʼlim-tarbiya olgan, arab, fors tillarini o‘rgangan.
Boshqa maʼlumotlarga ko‘ra, Mahmud Koshg‘ariyning otasi Husaynxon taxtga o‘tirishga ulgurmaydi. Yusuf Qodirxon taxtni o‘z o‘g‘li Husaynxonga bo‘shatib berishga tayyorlanayotgan paytda saroyda yuz bergan fitna natijasida ota-bola zaharlab o‘ldiriladi. Yosh shahzoda esa, Movarounnahrga, u yerdan Bag‘dodga, abbosiylar saroyiga qochadi. U qayerda bo‘lmasin, turkiy xalqlarning tili, madaniyati, adabiyoti, urf-odatlari bilan qiziqadi, ular haqida qiziqarli maʼlumotlar to‘playdi. Keyinchalik uzoq yillik izlanishlarini jamlab, “Devonu lug‘otit-turk”, yaʼni turkiy tillar devonini yaratadi. Bu asarda u turkiy til va lahjalardagi 9000 dan ortiq so‘z va iboralarning arabcha muqobilini keltiradi. Shu bilan birga turkiy xalqlar orasida keng tarqalgan 400 dan ortiq maqol va iboralar, sheʼriy parchalar, afsona va rivoyatlar keltiriladi.
Manba