O‘zbek tili turkiy tillar oilasiga mansub eng yirik tillardan biri hisoblanadi. Til millatning ma’naviy boyligidir. Til nafaqat muomala vositasi – balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi va tarixidir. Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi sari muhim vositadir.
Bosh qonunimizda ham davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi. Zero, “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi.
Shu jihatdan bugun yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning madaniyati va urf-odatlarini, xususan, ularning ona tillarini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Turli hududlarda tashkil etilgan 140 ga yaqin milliy madaniyat markazlari ana shu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Ko‘plab ta’lim-tarbiya maskanlari, ommaviy axborot vositalari o‘zbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman tillarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Xorijiy tillarga ixtisoslashgan hamda ta’lim chet tillarda olib boriladigan ta’lim muassasalari soni ortib bormoqda.
Ahamiyatli tomoni, bugungi kunda xorijiy davlatlardagi 65 ta oliy o‘quv yurtida o‘zbek tili va adabiyoti o‘rganilmoqda, ushbu sohada ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borayotgan chet ellik olimlar safi tobora kengaymoqda. Prezidentimizning 2020 yilda qabul qilingan “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni o‘zbek tili va adabiyotini, milliy madaniyatimizni yanada ravnaq toptirishga xizmat qilmoqda.
Binobarin, mazkur hujjat asosida keyingi yillarda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash, O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun sharoitlar yaratish, til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalish va istiqboldagi vazifalar izchillik bilan amalga oshirib kelinmoqda.
Farmonga muvofiq, 2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi. Qolaversa, mazkur hujjatda 2025 yilgacha davlat maktabgacha ta’lim tizimida o‘zbek tilli guruhlar qamrovini kengaytirish, yangi darslik va qo‘llanmalar, elektron dasturlar yaratish, xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tilini o‘rgatuvchi markazlar sonini ko‘paytirish singari muhim vazifalar o‘rin olgan.
Farmonda o‘z ifodasini topgan yana bir prinsipial yangilik – 2021 yil 1 apreldan boshlab o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanib, mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatlari joriy etilganligidir. Shu bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida o‘zbek adabiy tili me’yorlari hamda davlat tilida ish yuritish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari faoliyat yuritib kelmoqda.
Farmonda belgilab qo‘yilganidek, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi manfaatdor tashkilotlarni jalb qilgan holda markaziy telekanallarda “Tilga e’tibor”, “Ona tilida so‘zlashamiz”, “Notiqlik mahorati”, “Til – millat ko‘zgusi”, “Kitob bilim manbai”, “Bilimli yoshlar – kelajak bunyodkori” kabi turkum ko‘rsatuv va eshittirishlarni efirga uzatib kelmoqda.
Aytish mumkinki, har qaysi xalq yoki millatning ma’naviyatini uning tarixi, o‘ziga xos urf-odat va an’analari, tili, madaniyati va qadriyatlaridan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Xalqning Vatani, davlati kabi yana bir buyuk, ehtimolki, birlamchi boyligi bor. Bu – uning tili. Aynan til odamlar guruhini bir millat sifatida birlashtiradi, ya’ni xalqni – xalq, millatni – millat qiladi.
Buyuk mutafakkir shoirimiz Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, “Ko‘ngil qulfi makhraning qulfi til va gulfing kalitin so‘z bil”. Ya’ni, inson qalbining xazinasi til, bu qalb xazinasining kaliti esa so‘zdir. O‘zbek tilining so‘zlari shu qadar ma’noli va boyki, bitta ma’noga ega bo‘lgan tushunchani bir necha so‘zlar orqali ifodalash mumkin. Masalan, birgina “ko‘z” so‘zining bir necha ma’nolari bor. Bilamizki, bir tushunchaga tegishli so‘z bir necha so‘zlar bilan ifodalansa, ya’ni sinonim so‘zlari qancha ko‘p bo‘lsa, ayni shu til boy til hisoblanadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, inson uchun uning vatani, ota-onasi, oilasi qanchalik qadrli bo‘lsa, uning ona tili ham shunchalik aziz va muqaddas bo‘ladi. Shu ma’noda o‘zbek tilini asrab-avaylash, uni yanada rivojlantirish har birimizning burchimizdir.