O‘zbekiston – Iordaniya: strategik hamkorlikning yangi sahifasi

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Iordaniya mamlakatlari yetakchilari o‘rtasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar nafaqat ikki mamlakat tarixida, balki Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mintaqalari o‘rtasidagi aloqalar taraqqiyotida ham yangi sahifa ochdi.

Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning mamlakatimizga tarixiy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi. Samarqand muloqoti orqali Iordaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va pragmatik hamkorlik yanada mustahkamlandi. Muzokaralar davomida siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ma’naviy sohalarda keng qamrovli sheriklikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

 

Ayniqsa Iordaniya Podshohining davlat tashrifi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu mamlakatning eng oliy mukofoti “An-Nahda” (“Renessans”) ordeni bilan taqdirlanishi, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonchli munosabatlarni yuksak darajada ekanligini ko‘rsatdi. Bu nafaqat tarixiy voqelik, balki O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’rifiy va ijtimoiy islohotlarga xalqaro miqyosda berilgan yuksak baho, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

 

Ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish har doimgidan-da muhim. Zero, ikki davlatning Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom Hamkorlik Tashkiloti kabi tuzilmalardagi faol hamkorligi va tashabbuslari hamohangligini xalqaro barqarorlikni ta’minlashda muhim omillardan biri sifatida baholash mumkin. Prezidentimiz Iordaniya tomonidan ilgari surilgan “Aqaba jarayoni”ni yuqori baholab, uning navbatdagi yig‘ilishini Samarqandda o‘tkazishni taklif etdi. Bu tashabbus xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi ma’rifiy yondashuvni ustuvor qo‘yishga qaratilgan muhim qadamdir.

 

Muzokaralarning ikkinchi markaziy yo‘nalishi iqtisodiy hamkorlikdir. Tomonlar kimyo va to‘qimachilik sanoati, geologiya, farmatsevtika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi va turizm kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi. Ishbilarmonlar kengashi va Hukumatlararo komissiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish, joriy yil yakuniga qadar ilk yig‘ilishlarni o‘tkazish haqida kelishuvga erishildi. O‘zbekiston – Iordaniya biznes forumini o‘tkazish orqali ishbilarmon doiralar o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini shakllantirish maqsad qilindi. Bu aloqalar har ikki mamlakatning iqtisodiy modernizatsiya dasturlariga muvofiq, o‘zaro manfaatli istiqbollarga tayanadi.

 

Yana bir gap. Ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqalari o‘rtasida yangi geosiyosiy ko‘prik vazifasini o‘tashi mumkin. O‘zbekistonning transport-logistika salohiyati va Iordaniyaning G‘arbiy Osiyodagi geostrategik o‘rni bu ikki mintaqani yaqinlashtirishda muhim omildir. Bu nafaqat iqtisodiy, balki xavfsizlik, migratsiya, oziq-ovqat ta’minoti, ekologik muammolar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga asos bo‘la oladi.

 

Zamonaviy xalqaro munosabatlarda faqat iqtisodiy manfaatlar emas, balki umumiy tamaddun, tarixiy xotira va ma’naviy yaqinlik asosida shakllangan aloqalar alohida ahamiyatga ega. O‘zbekiston va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi o‘rtasidagi munosabatlar aynan shunday, ma’naviy va sivilizatsion yuksaklik asosida shakllanayotgan hamkorlik namunasisidir.

 

Ikki xalqni boy tarix, islom sivilizatsiyasida tutgan alohida o‘rin, hamda umumiy ma’rifiy qadriyatlar bog‘lab turadi. Samarqand va Buxoro qanday qilib islom ilm-fani, falsafasi va tasavvuf markaziga aylangan bo‘lsa, shu singari Ammon shahri ham Sharqiy Arab olamida ma’rifat va bag‘rikenglik timsoli hisoblanadi. Mazkur yaqinlik siyosiy va diplomatik muloqotda ham o‘z ifodasini topmoqda.

 

Mazkur sivilizatsion yaqinlik asosida shakllanayotgan munosabatlar, asrlar davomida islom olamida yetakchi bo‘lgan mintaqalarning yana bir bor intellektual va ma’naviy ittifoqlikka intilayotganidan dalolat beradi. Islom falsafasi, huquqshunosligi, tabiiy fanlar va axloqiy qadriyatlar borasida katta ilmiy merosga ega bo‘lgan O‘zbekiston va Iordaniya bugun uni qayta kashf etish, yangi avlod uchun ma’rifat manbaiga aylantirishga harakat qilmoqda.

 

Bu jarayonda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik faqat diplomatik va iqtisodiy darajada emas, balki intellektual platformalarni yaratish, o‘zaro tajriba almashish, yosh avlod ongida bag‘rikenglik va ilmga intilishni shakllantirish kabi masalalarda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

Muxtasar aytganda, mazkur davlat tashrifi natijalari o‘laroq ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi siyosiy va institutsional darajaga ko‘tarilishi shubhasiz. Ishonch, pragmatizm, o‘zaro hurmat va umumiy qadriyatlarga asoslangan bu yaqinlashuv faqat ikki davlat emas, balki mintaqaviy barqarorlik va global muloqot uchun ham muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi. Shu ma’noda Samarqand muloqoti bu borada yangi davrni boshlab berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish