O‘zbekistonda saratonga qarshi kurash tizimi yangi bosqichga chiqadi

Prezidentga onkologik kasalliklarning oldini olish, ularni erta aniqlash va davolash tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

Ma’lum qilinishicha, yaqin yillarda aholining eng ko‘p uchraydigan saraton turlari bo‘yicha skrining tekshiruvlari qamrovini 60 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, onkologik kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarning besh yillik yashovchanlik ko‘rsatkichini kamida 45 foizga oshirish maqsad qilingan.

2027-yildan boshlab hududlarda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan Milliy saratonga qarshi kurash dasturi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Dastur doirasida shifokorlarning malakasi oshirilib, saratonning ilk belgilarini aniqlash va bemorlarni o‘z vaqtida ixtisoslashgan muassasalarga yo‘naltirish tizimi kuchaytiriladi. Xalqaro tavsiyalar asosida klinik protokollar joriy etilib, bemorlarni davolashda multidisiplinar yondashuv amaliyoti kengaytiriladi.

Bundan tashqari, qon va onkogematologik kasalliklarni erta aniqlash darajasini 2030-yilga qadar 60 foizga yetkazish, tashxis qo‘yishdan transplantatsiyagacha bo‘lgan muddatni 6 oydan 3 oygacha qisqartirish hamda bemorlarni ixtisoslashgan tibbiy yordam bilan to‘liq qamrab olish rejalashtirilgan.

Hududlarda gemopoetik ildiz hujayralari transplantatsiyasi amaliyotini joriy etish ham nazarda tutilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish