Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Yunusobod tumanida barpo etilgan yirik quvvatli kogeneratsiya markazi faoliyati bilan tanishdi.
Poytaxtda aholi va iqtisodiyot obyektlarini qish mavsumida uzluksiz issiqlik bilan taʼminlash maqsadida bir vaqtning oʻzida elektr va issiqlik ishlab chiqaradigan zamonaviy kogeneratsiya qurilmalari ishga tushirildi. Yunusoboddagi 4-issiqlik markazi davlat-xususiy sheriklik asosida, quvvati 100 MVt boʻlgan loyiha sifatida barpo etildi.
Loyiha Xitoyning “CNTIC” kompaniyasi bilan hamkorlikda 3,5 gektar maydonda amalga oshirildi va 65 million dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi. Markazga Buyuk Britaniyaning “Rolls-Royce” kompaniyasining 70 ta gaz-porshen uskunalari oʻrnatildi. Qozonxonalardan isteʼmolchilargacha boʻlgan issiqlik taʼminoti infratuzilmasi rekonstruksiya qilindi, issiqlik magistrallari yangilandi va tarmoqlar izolyatsiyali quvurlar bilan almashtirildi.
Markaz ishga tushirilishi natijasida yiliga 876 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 858 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi, shuningdek, yiliga 35 million kub metr tabiiy gaz tejab qolish mumkin. Endilikda Yunusobod, Olmazor, Shayxontohur, Mirzo Ulugʻbek va Yakkasaroy tumanlarida joylashgan jami 1 846 ta obyekt – 1 400 aholi xonadoni va 446 ijtimoiy soha obyekti – doimiy issiqlik bilan taʼminlanadi. Shuningdek, 292 ming xonadonga elektr energiyasi barqaror yetkaziladi.
Loyiha ishga tushishi bilan issiqlik ishlab chiqarish xarajatlari 40–45 foizga kamayadi, atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdori qisqaradi va oqova suv tashlanmalari yuzaga kelmaydi.
Prezident Mirziyoyev shu yerning o‘zida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, issiqlik markazlarini rivojlantirish, Toshkent issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish hamda poytaxtni obodonlashtirish ishlari yuzasidan taqdimotlar bilan tanishdi.
Shuningdek, shahar sharoitida boshqaruv servis kompaniyalarining faoliyati aholi hayoti bilan uzviy bog‘liq ekanligi taʼkidlandi. Energetika, obodonlashtirish, qurilish va servis tarmoqlari mas’ullariga tizimli va muvofiqlashgan ishlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.