Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi parlamentlararo hamkorlik forumi nafaqat xalqaro muloqot uchun muhim maydon, balki mintaqa va Yevropa o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqqan tarixiy voqea sifatida ham ahamiyat kasb etdi. Mazkur forum davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbusning amaliy ifodasi bo‘lib, O‘zbekistonning bugungi kunda mintaqa davlatlarini birlashtiruvchi, konstruktiv muloqot va o‘zaro ishonchni mustahkamlovchi muhim markazga aylanib borayotganini yana bir bor namoyon qildi.
Forum doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar va bildirilgan fikrlar shuni ko‘rsatdiki, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik endi faqat siyosiy muloqot bilan cheklanib qolmay, parlamentlararo diplomatiya, iqtisodiy sheriklik, “yashil” taraqqiyot, raqamli xavfsizlik, ta’lim, madaniyat va yoshlar almashinuvi kabi yo‘nalishlarda ham izchil rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, forumni institutsionallashtirish, uni muntazam asosda o‘tkazish va amaliy natijadorlikka yo‘naltirish haqidagi takliflar bu muloqot maydonining kelgusida yanada katta siyosiy va amaliy ahamiyat kasb etishini anglatadi.
E’tiborli jihati shundaki, forum ishtirokchilari O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi uchun ishonchli va strategik sherik sifatidagi o‘rnini alohida qayd etdilar. Bu e’tirof, avvalo, mamlakatimiz tomonidan olib borilayotgan ochiq, pragmatik va muvozanatli tashqi siyosatning xalqaro maydonda yuksak baholanayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilgani ham forumning umumiy ruhida yaqqol namoyon bo‘ldi.
Bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda bunday platformalarning ahamiyati yanada ortib bormoqda. Chunki barqaror taraqqiyot, xavfsizlik va farovonlikka erishish faqatgina o‘zaro ishonch, teng muloqot va umumiy manfaatlarga tayangan hamkorlik orqali mumkin. Samarqand forumi ana shu nuqtai nazardan nafaqat bugungi kun uchun dolzarb, balki kelgusi hamkorlik arxitekturasini belgilab beruvchi muhim qadam bo‘ldi.