Sportda yangi davr: adolat, ishonch va rivojlanish

So‘nggi yillarda jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi. Bu soha endi faqat professional natijalar yoki xalqaro musobaqalardagi yutuqlar bilan emas, balki aholi salomatligi, yoshlar tarbiyasi va jamiyat farovonligi bilan bevosita bog‘liq strategik yo‘nalish sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ommaviy sportni rivojlantirish, yoshlarni jismoniy faollikka keng jalb etish, sport infratuzilmasini kengaytirish va boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar amalda yangi bosqichni boshlab berdi.

Biroq amaliyot shuni yaqqol ko‘rsatdiki, sportni rivojlantirish faqat alohida qaror, dastur yoki musobaqalar bilan emas, balki yaxlit va puxta o‘ylangan huquqiy tizim orqali ta’minlanadi. Mavjud tashabbus va islohotlar qanchalik samarali bo‘lmasin, ularni mustahkam qonunchilik asosi bo‘lmasa, barqaror va uzoq muddatli natijalarga erishish mushkul.

Shu ma’noda, “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi ayni muddao bo‘ldi. Bu hujjatni so‘nggi yillarda mamlakatda sport sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy yakuni, ayni paytda esa yangi bosqichning huquqiy poydevori sifatida baholash mumkin.

Chunki amaliyot shuni yaqqol ko‘rsatdiki, sportni rivojlantirish faqat alohida qaror, dastur yoki musobaqalar bilan emas, balki yaxlit va puxta o‘ylangan huquqiy tizim orqali ta’minlanadi. Yangi qonun aynan shu ehtiyojdan kelib chiqqan holda ishlab chiqildi.

Hayot qonundan oldinlab ketgan edi

Tan olish kerak, 2015-yilda qabul qilingan amaldagi qonun o‘z davri uchun muhim hujjat bo‘lgani shubhasiz, albatta. Biroq keyingi yillarda sport sohasida yuz bergan o‘zgarishlar uning qamrovidan ancha kengayib ketdi. Eng asosiysi, sohadagi yondashuvning o‘zi tubdan o‘zgardi.

Ilgari sport ko‘proq yuqori natijalar, medallar va professional sportchilar bilan bog‘liq tarzda qabul qilingan bo‘lsa, bugun unga aholi salomatligi, yoshlar tarbiyasi va hayot sifati bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy institut sifatida qaralmoqda.

Ammo shu yangi yondashuvlarning barchasi amalda to‘liq aks etmagani ayrim muammolarni yuzaga keltirayotgan edi. Masalan, ommaviy sportni tashkil etish, yoshlarni saralash va tayyorlash, yangi sport turlarini tan olish, sport tashkilotlari faoliyatini tartibga solish kabi yo‘nalishlarda huquqiy aniqlik, ya’ni asos yetishmasdi.

Yangi qonun aynan shu “uzilish”ni bartaraf etib, amaliyot va huquqiy baza o‘rtasidagi mutanosiblikni tiklashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Qonunda ommaviy sport tadbirlarini tizimli tashkil etish, ularning huquqiy asoslarini belgilash orqali bu jarayon tasodifiy emas, balki rejali va uzluksiz xarakter kasb etishi ta’minlanmoqda. Ilgari turli tashabbuslar doirasida o‘tkazib kelingan musobaqalar endilikda yagona tizim asosida olib boriladi.

Bu nima beradi? Eng avvalo, barqarorlik. Ya’ni sport tadbirlari “bir martalik aksiya” emas, balki doimiy ijtimoiy jarayonga aylanadi, deganidir.

Tizimlilik va shaffoflik

Yangi qonunda sport turlarini e’tirof etish va reyestrga kiritish tartibining aniq belgilab qo‘yilishi ham muhim yangiliklardan biridir. Aytish kerakki, bu o‘zgarish orqali sport sohasida muayyan tartib va shaffoflik ta’minlanadi.

Avval bu masalada aniq mezonlar yetishmasligi sababli ayrim sport turlarining maqomi noaniq bo‘lib qolardi. Masalan, ayrim holatlarda muayyan sport turi faqat bir-ikki hududda yoki tor doirada rivojlangan bo‘lsa-da, rasman tan olingan holatlar uchrardi. Lekin amalda u bilan shug‘ullanuvchilar soni kam, infratuzilmasi yetarli emas, musobaqalar esa muntazam o‘tkazilmasdi. Bu esa resurslarning tarqoq taqsimlanishiga, e’tibor va mablag‘lar haqiqatan ommaviy bo‘lgan yo‘nalishlarga yetib bormas edi.

Yana bir misol – ayrim yangi paydo bo‘lgan yoki OAV orqali tez ommalashayotgan sport yo‘nalishlari hech qanday aniq talablarsiz rasmiy maqom olishga urinishlari mumkin edi. Lekin ularning respublika miqyosidagi qamrovi, murabbiylar bazasi yoki musobaqa tizimi shakllanmagan bo‘lardi. Natijada, bunday sport turlari rivojlanishdan ko‘ra, qog‘ozda “mavjud” bo‘lib qolish xavfi yuqori edi.

Endi esa sport turini e’tirof etish uchun uning kamida bir nechta hududda rivojlangan bo‘lishi talabi qo‘yilmoqda. Masalan, agar muayyan sport turi haqiqatan ommaviy bo‘lsa, u nafaqat poytaxtda, balki viloyatlar, tumanlar kesimida ham mavjud bo‘ladi, u yerda murabbiylar ishlaydi, bolalar va yoshlar muntazam shug‘ullanadi, musobaqalar o‘tkaziladi.

 

Bu yondashuv nima beradi? Birinchidan, davlatning bu boradagi resurslari haqiqatan ham hayotiy asosga ega bo‘lgan, aholi orasida talabgir sport turlariga yo‘naltiriladi. Ikkinchidan, har qanday sport yo‘nalishi rasmiy maqom olish uchun tabiiy ravishda kengayishga, ommalashishga intiladi. Uchinchidan, tizimda “qog‘ozdagi sport turlari” emas, balki amalda ishlayotgan va natija berayotgan yo‘nalishlar ustuvor bo‘ladi.

Shu tariqa, yangi talablar orqali sohadagi taraqqiyot rasmiy raqamlar bilan emas, balki uning aholi hayotidagi ommaviyligi va barqaror rivojlanishi orqali baholanadi.

Bu o‘z navbatida resurslarni samarali taqsimlashga, e’tiborni haqiqatan rivojlanayotgan yo‘nalishlarga qaratishga xizmat qiladi.

Yana bir gap. Qonunning 40-moddasiga javobgarlikni qo‘llash, targ‘ibot qilish, ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, diskvalifikatsiya qilish kabi normalar belgilab qo‘yildi. Ya’ni sport musobaqalari natijalariga noqonuniy ta’sir ko‘rsatishga qarshi normalar kuchaytirildi. Maqsad zamonaviy sportda adolat va shaffoflikni ta’minlashdir.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bu yerda masala faqat jazoni kuchaytirishda emas, balki bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan yaxlit tizimni shakllantirishdadir.

Bu tizim, avvalo, ong va munosabatdan boshlanadi. Ya’ni sportchilar, trenerlar va hakamlar orasida halollikni ichki qadriyat sifatida qaror toptirish muhim. Inson qoidalarga faqat jazodan qo‘rqqani uchun emas, balki o‘z prinsiplari tufayli amal qilishi kerak.

Yana bir muhim jihat - hamkorlik. Sport tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoatchilik o‘rtasidagi uzviy aloqa har qanday shubhali holatga tezkor va adolatli munosabat bildirish imkonini yaratadi.

Eng muhimi, bu choralarning barchasi sportda ishonch muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. Chunki ishonch bor joydagina sport o‘zining tarbiyaviy kuchi va jamiyat uchun ahamiyatini saqlab qoladi.

Inklyuziv sport barcha uchun

Yangi qonunda Milliy paralimpiya qo‘mitasining huquqiy maqomi va vakolatlari, shuningdek Paralimpiya, Surdlimpiya, Maxsus olimpiya hamda ko‘zi ojizlar sportiga doir masalalarning qonun darajasida aniq belgilab qo‘yilayotgani sohadagi eng muhim yangiliklardan biridir.

Chunki ilgari bu yo‘nalishlar amalda rivojlanib kelgan bo‘lsa-da, ularning huquqiy asoslari to‘liq va tizimli tarzda mustahkamlanmagan edi. Masalan, paralimpiya harakati muayyan dasturlar va tashabbuslar orqali qo‘llab-quvvatlangan. Biroq ushbu faoliyatni muvofiqlashtiruvchi institutsional mexanizmlar, vakolatlar taqsimoti va mas’uliyat doirasi har doim ham aniq belgilanmagani sababli xalqaro musobaqalarga chiqishda tashkiliy yo‘nalishda ayrim muammolar yuzaga kelib turgan.

Ayniqsa, surdlimpiya, maxsus olimpiya yoki ko‘zi ojizlar sporti kabi yo‘nalishlar ko‘p hollarda umumiy sport tizimi ichida “qo‘shimcha” yo‘nalish sifatida qabul qilinib, ularga xos o‘ziga xos ehtiyojlar yetarlicha inobatga olinmasdi. Bu esa infratuzilma, murabbiylar tayyorlash, musobaqalarni tashkil etish kabi masalalarda muayyan cheklovlarni keltirib chiqargan.

Yangi qonun esa bu yondashuvni tubdan o‘zgartirmoqda. Endilikda adaptiv sport yo‘nalishlari alohida, to‘liq huquqiy maqomga ega tizim sifatida qaralmoqda. Milliy paralimpiya qo‘mitasining vakolatlari aniq belgilab berilayotgani esa boshqaruvdagi noaniqliklarni bartaraf etib, qaror qabul qilish va amalga oshirish jarayonlarini ancha samarali qiladi.

Sport federatsiyalari, klublar, ligalar, shuningdek trenerlar, hakamlar va agentlarning huquqiy maqomi belgilab qo‘yilayotgani sohada professional boshqaruv tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

Ilgari mavjud bo‘lgan noaniqliklar ko‘p hollarda mas’uliyatning tarqoqligiga sabab bo‘lgan. Yangi qonun esa har bir subyektning o‘rni va vazifasini aniq belgilab, tizimni institutsional jihatdan mustahkamlaydi.

Bu esa, o‘z navbatida, sportda natijalarning barqaror va uzoq muddatli bo‘lishini ta’minlaydi.

Xalqaro standartlarga integratsiya

Yangi qonunning yana bir yangiligi unda Milliy antidoping agentligining huquqiy maqomi aniq belgilanishi bo‘ldi. Ilgari, dopingga qarshi kurash asosan targ‘ibot va ko‘pincha individual chora-tadbirlar orqali olib borilgan. Lekin qonunchilikda aniq vakolat va choralar tizimi yetarli darajada mustahkamlanmagan edi. Bu esa ayrim holatlarda sportda adolat va ishonch muhitini shubha ostiga qo‘ygani bor gap.

Yangi qoidaga ko‘ra, Milliy antidoping qoidalari Butunjahon antidoping kodeksi asosida tasdiqlanadi va uni buzganlik uchun qo‘llaniladigan choralar aniq belgilandi. Masalan, sportchi diskvalifikatsiya qilinadi, musobaqadagi natijalari bekor qilinadi yoki terma jamoadan chetlatilishi mumkin. Bu mexanizmlar nafaqat jazo sifatida, balki profilaktika vositasi sifatida ham xizmat qiladi - sportchi va murabbiylar uchun qoidalarning qat’iyligi va oqibatlari tushunarli bo‘ladi.

Qonunning barchamiz uchun muhim bo‘lgan yana bir jihati shundaki, unda ish beruvchilarning xodimlar uchun sport bilan shug‘ullanish sharoitlarini yaratishiga oid normalar kiritildi. Bu sportni hayotimizning bir qismiga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Ya’ni, sport endi faqat maktab, universitet yoki sport inshootlari bilan cheklanmaydi. U ish joyida ham, kundalik turmushda ham o‘z o‘rniga ega bo‘ladi. Bu aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Qonun ijrosi bilan kuchli

Haqiqatan ham shunday. Yangi tahrirdagi qonun mazmunan chuqur, qamrov jihatdan keng va zamonaviy talablarga javob beradigan hujjat sifatida qabul qilindi. U sportni faqat sohaviy faoliyat emas, balki jamiyat taraqqiyotining muhim omili sifatida targ‘ib etishga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Agar qonunda belgilangan mexanizmlar ijrosi to‘liq va samarali amalga oshirilsa, yaqin yillarda nafaqat mamlakatimiz sportchilarining natijalarida, balki aholi salomatligi, yoshlar tarbiyasi va umumiy hayot sifatida ham sezilarli ijobiy o‘zgarishlar kuzatilishi mumkin.

Shu ma’noda, ushbu qonun katta o‘zgarishlar yo‘lidagi muhim huquqiy poydevor desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish