Ta’limga e’tibor – kelajak uchun sarmoya

1991 yil mamlakatimiz jahon hamjamiyati tomonidan rasmiy mustaqil davlat sifatida tan olindi va xalqimizning hayotida mutlaqo yangi, erkin va mustaqil taraqqiyot davri boshlandi.
So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” mustaqillik g‘oyasini mazmunan boyitdi. Inson qadri, adolat va qonun ustuvorligi kabi tamoyillar asosida yangi davlat boshqaruvi modeli shakllantirildi, iqtisodiyot diversifikatsiya qilindi, infratuzilma yangilandi, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimi xalqaro standartlar asosida tubdan isloh etildi.

 

Ma’lumki, dunyoning rivojlangan davlatlari o‘z taraqqiyotini birinchi navbatda ta’lim tizimini rivojlantirish, zamonaviy bilim va texnologiyalarni joriy etish orqali ta’minlagan. Ushbu haqiqatni anglagan jadidlar harakatining yirik namoyandasi Abdulla Avloniy “Ta’lim yo hayot, yo mamot, yo halokat, yo saodat masalasidir”, deya aniq ifoda etgani, bejiz emas.

 

Keyingi yillarida amalga oshirilgan ulkan institutsional islohotlar natijasida ta’lim tizimida tub o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Xususan, oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan yangilanishlar mamlakatning intellektual salohiyatini oshirish, yoshlarni raqobatbardosh bilimlar va ko‘nikmalar bilan ta’minlashda muhim poydevorga aylanmoqda.

 

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy va akademik erkinliklar berilishi, ularning mustaqil qaror qabul qilish salohiyatini oshirdi. Talabalar qamrovi yil sayin kengayib borayotgani, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma dasturlar faol yo‘lga qo‘yilayotgani, ta’lim sifati xalqaro standartlar asosida baholanayotgani zamonaviy bilimga asoslangan yangi avlodni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

 

Bugungi globallashuv jarayonida izolyatsiyada qolib taraqqiyotga erishishning iloji yo‘q. Shuning uchun ham ta’lim va fanning iqtisodiyot bilan uzviy integratsiyasi ustuvor vazifaga aylandi. Ilgari soni kam bo‘lgan, asosan umumiy yo‘nalishda faoliyat yuritgan oliy ta’lim muassasalari o‘rnini endi sohalar bo‘yicha ixtisoslashgan, texnologik va ilmiy-innovatsion rivojlanishni ta’minlovchi zamonaviy universitetlar egallamoqda.

 

Oliy ta’lim muassasalari endi faqat diplom taqdim etuvchi organ emas, balki amaliyot bilan chambarchas bog‘langan, innovatsiya va ilmiy izlanishlarni rag‘batlantiruvchi strategik markazlarga aylanib bormoqda. Ular nafaqat raqobatbardosh kadrlarni tayyorlaydi, balki intellektual mahsulotlar, ilmiy g‘oyalar va innovatsion yechimlarning manbaiga aylanmoqda.

 

Shu bilan birga, milliy ta’lim tizimi xalqaro ta’lim hamjamiyatiga to‘liq integratsiyalashmoqda. Xorijiy universitetlar bilan qo‘shma dasturlar amaliyotga joriy etilishi, akademik mobillik kengayishi, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yilishi bu jarayonning amaliy ifodasidir. Bugungi kunda milliy universitetlar xalqaro nufuzli hamkorlarga aylanib, rektorlar forumlari, ta’lim sammitlari va akademik konferensiyalarda faol ishtirok etmoqda. Bu esa mamlakatning ilm-fan sohasidagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

 

Mustaqil taraqqiyotning mazmuni ham aynan shu – ya’ni o‘z resurslariga, bilim va innovatsiyaga tayan olgan jamiyatni barpo etishdir. Buning yorqin namunasini maktabgacha va oliy ta’lim qamrovda kuzatish mumkin. 2016 yilda 27 foizni tashkil etgan maktabgacha ta’lim qamrovi 2024 yilga kelib 76 foizga yetdi. Bu esa bolalarning erta rivojlanishi, ularni zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida tarbiyalash va ta’limga tayyorlash uchun mustahkam zamin yaratdi.

 

Oliy ta’lim qamrovi esa 2016 yildagi 9 foizdan 2024–2025 o‘quv yiliga kelib 43 foizga yetdi. Bu ko‘rsatkich nafaqat ta’lim sohasida, balki umumiy ma’naviy-ma’rifiy muhitda ham ulkan o‘zgarishlar yuz berayotganidan dalolat beradi. Endi yoshlar uchun bilim olish, o‘zini rivojlantirish va jamiyat hayotida munosib o‘rin egallash imkoniyatlari kengaymoqda.

 

Xulosa qilib aytganda, ta’lim sohasidagi bu o‘zgarishlar mustaqillikning amaliy ifodasi, “Inson qadri uchun” tamoyilining hayotga izchil tatbiq etilayotganligining yorqin ifodasidir. Yangi O‘zbekiston sharoitida ta’lim endi faqat ichki ehtiyojlarni emas, balki global raqobatda munosib o‘rin egallashni ko‘zda tutuvchi, kelajakni belgilaydigan strategik vositaga aylanmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish