Tarixdan parcha: Boburiylar imperiyasi

Boburiylar sulolasi 1526 yildan 1858 yilgacha Hindiston yarim orolida hukmronlik qilgan turkiy sulola bo‘lib, uning asoschisi Zahiriddin Muhammad Boburdir. 


Bobur Amir Temurning avlodi bo‘lib, 1483-yil 14-fevral kuni Farg‘ona viloyatining poytaxti Andijonda tug‘ilgan. Uning sertashvish hayoti va jo‘shqin faoliyati siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jihatdan inqirozga uchrab, tanazzulga tushayotgan Temuriylar saltanatining so‘nggi davriga to‘g‘ri keldi. 


U 1494 yilda, 12 yoshida Farg‘ona viloyati hokimi sifatida taxtga o‘tirgan. Mamlakatda mahalliy hokimlarning markaziy hokimiyatga itoatsizligi, boshboshdoqligi kuchaygan edi. Temuriylarning o‘zaro urushlari kuchaygan kezlarda Shayboniyxon Movarounnahrni istilo qilishga kirishadi.


U 1499-yilda Jizzax va Samarqand orqali Qarshi va Shahrisabzgacha bosib, katta o‘lja bilan Dashti Qipchoqqa qaytadi. Oradan ko‘p o‘tmay yana katta kuch bilan Movarounnahrga qaytib Buxoro va Qorako‘lni ham egallaydi (1499-y.), Samarqand hukmdori Sultonali Mirzo shaharni Shayboniyxonga jangsiz topshiradi (1500-y.). Biroq shahar aholisi va zodagonlarining ma’lum qismi Temuriylar hukmdorligini tiklash tarafdori edi. Ular Farg‘ona hokimi Boburga maktub yo‘llab, Samarqandni ishg‘ol qilishga da’vat etadilar.


Bobur Mirzo 1500-yilning kech kuzida o‘z qo‘shini (240 kishi) bilan Samarqand shahrini yarim tunda egallashga muvaffaq bo’ladi. Biroq shahar yana qamal qilinib, u to‘rt oy davom etadi. Qamalda qolgan shahar aholisi ochlikdan tinkasi quriydi, Bobur Mirzo 1501-yilning ikkinchi yarmida noilojlikdan Samarqandni tark etadi.

1503-yilda Boburning qo‘shini Shayboniyxon tomonidan Sirdaryo bo‘yida tor-mor qilinadi. Andijonni Ahmad Tanbal egallab oladi. 1501–1504-yillarda Bobur Farg‘ona mulkini qaytarib olish uchun Sulton Ahmad Tanbal va ukasi Jahongir Mirzoga qarshi olib borgan kurashi muvaffaqiyatsizlik bilan tugaydi va u 1504-yilda Movarounnahrni tark etishga majbur bo‘ladi.


Kobulning egallanishi


Bobur 200–300 navkari bilan Hisor tog‘lari orqali Kobulga o‘tadi (1504-yil) va u yerdagi ichki nizolardan foydalanib G‘azna va Kobulni egallaydi.


1526 yilda Bobur Panipat jangida Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diy ustidan g‘alaba qozonib, Hindistonning shimoliy hududlarini zabt etdi va Boburiylar davlatiga asos soldi. Uning hukmronligi davrida davlat chegaralari kengayib, iqtisodiy va madaniy rivojlanish kuzatildi. Bobur 1530 yilda Agrada vafot etdi va dastlab o‘sha yerda dafn qilindi, keyinchalik vasiyatiga ko‘ra, xoki Kobulga keltirilib, "Bog‘i Bobur"ga qo‘yildi.


Boburiylar sulolasining eng mashhur hukmdorlaridan biri Akbarshoh (1556–1605) bo‘lib, uning davrida davlat hududi Hindukushdan janubdagi Godavari daryosigacha kengaydi. Akbar markaziy davlat apparatini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar o‘tkazib, yer solig‘i va boshqaruv tizimini takomillashtirdi. U, shuningdek, turli dinlarga e’tiqod qiluvchi xalqlarni birlashtirish maqsadida "Dini ilohiy" nomli yangi diniy oqim joriy etishga harakat qiladi.


Boburiylar davlati madaniyati ham yuksak darajada rivojlandi. Adabiyot va san’at sohasida forsiy va turkiy tillarda asarlar yaratilgan. Me’morchilikda esa Toj Mahal, Jome’ Masjid, Qizil saroy kabi inshootlar bunyod etildi. Toj Mahal, xususan, Shoh Jahon tomonidan sevikli rafiqasi Mumtoz Mahal xotirasiga qurilgan bo‘lib, bugungi kunda ham dunyoning eng mashhur me’moriy yodgorliklaridan biri hisoblanadi.


Boburiylar sulolasi hukmronligi davrida Hindiston iqtisodiyoti va madaniyati yuksak darajada rivojlandi. Savdo yo‘llarida karvonsaroy va quduqlar bunyod etilishi savdoni rivojlantirdi. Shuningdek, hunarmandchilik, qog‘oz ishlab chiqarish, zargarlik, kulolchilik, temirchilik, qandolatpazlik, to‘quvchilik kabi sohalar taraqqiy etdi. Tarixiy hujjatlarda gazlamaning 100 ga yaqin nomi keltirilganligi mamlakatda to‘quvchilik keng ko‘lamda rivojlanganligini ko‘rsatadi.


Boburiylar sulolasi 1858 yilda ingliz mustamlakachilari tomonidan tugatildi. Shunga qaramay, ularning madaniy va me’moriy merosi bugungi kunda ham Hindiston va butun dunyo madaniyatida muhim o‘rin tutadi.







Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish