Temuriylar sulolasi oʻrta asrlarda Markaziy Osiyoda hukmronlik qilgan va oʻzining boy madaniy merosi bilan tarixda muhim oʻrin tutgan. Bu sulola Sohibqiron Amir Temur tomonidan asos solingan boʻlib, uning avlodlari XV asr davomida yirik davlatni boshqarganlar.
Amir Temur va Temuriylar davlatining tashkil topishi
Amir Temur (1336–1405) 1370-yilda Movarounnahrda markazlashgan davlatni barpo etib, poytaxtni Samarqandga koʻchirdi. Uning hukmronligi davrida davlat hududi shimolda Ili daryosi va Xorazm (Orol) dengizidan janubda Fors qoʻltigʻiga qadar, sharqda Xitoy va Hindistondan gʻarbda Trabzun (Qora dengiz)gacha kengaygan.
Temuriylar davri: 1405–1507-yillar
1405–1450-yillar: Sulola ichidagi mojarolar va davlat bo‘linishi
Amir Temur vafotidan so‘ng, Movarounnahr besh yil davomida sulola ichidagi kurashlar girdobiga tushdi. 1409-yilda Temurning o‘g‘li Shohrux Xalil Sultonni yengib, rasman Temuriylar davlatining hukmdori bo‘ldi. Ammo amalda davlat ikki qismga bo‘lingan edi:
🔸Hirot markazida Xuroson Shohrux tomonidan boshqarilgan.
🔸Samarqand markazida Movarounnahr esa Mirzo Ulug‘bek tasarrufida bo‘lgan.
Bu davrda davlat kichik feodal yerlari birlashmasidan iborat edi va hokimiyat sulolaning boshqa vakillari tomonidan ham da'vo qilinardi. Shohrux o‘z nabirasi Sulton Muhammadning mustaqil siyosati, shuningdek, Xorazm va Mo‘g‘uliston hududlaridagi harakatlarga qarshi chora ko‘rishga majbur bo‘lgan. Ulug‘bek esa Movarounnahr va qo‘shni hududlarni himoya qilish uchun mashaqqatli kurash olib borgan. 1425-yilda u mo‘g‘ullarni tor-mor qilgan bo‘lsa, 1427-yilda quyi Sirdaryo yurishida yirik mag‘lubiyatga uchragan.
Shohruxning 1447-yilda vafotidan so‘ng, Mirzo Ulug‘bek Hirotni zabt etishga urinadi, ammo ichki mojarolar va isyonlar sabab muvaffaqiyat qozona olmaydi. 1449-yilda Ulug‘bek o‘g‘li Abdullatifning fitnasi natijasida halok bo‘ladi. Abdullatif qisqa muddat taxtda o‘tirgan, ammo zodagonlar va xalq noroziligi tufayli 1450-yilda o‘ldiriladi.
1451–1507-yillar: Siyosiy kurashlar va Temuriylar sulolasining zaiflashuvi
1451-yilda Samarqandda Abu Said hokimiyatni qo‘lga oladi. Xo‘ja Ahror boshchiligidagi naqshbandiya tariqati uning siyosiy maslahatchisi sifatida faoliyat yuritadi. Abu Said Hirotni bosib olishga muvaffaq bo‘lgach, ikki davlatni birlashtirishga harakat qiladi. Ammo 1468-yilda Eron yurishida halok bo‘ladi va davlat yana bo‘linadi.
1469-yilda Sulton Husayn Boyqaro Hirot hokimiyatini egallaydi va madaniyat va san’atni rivojlantiradi. Shu bilan birga, Movarounnahrda siyosiy parokandalik avj oladi. Zahiriddin Muhammad Bobur Farg‘onada hukmronlik qiladi va Shayboniyxon boshchiligidagi ko‘chmanchi o‘zbeklarga qarshi kurashadi. 1501-yilda Bobur Samarqandni tark etib, Kobulga ketishga majbur bo‘ladi. Shu davrda Shayboniyxon Movarounnahr va Xurosonni egallab, 1507-yilda Hirotni ishg‘ol qiladi.
Temuriylar davrida madaniyat, ilm-fan rivoji va din
Temuriylar hukmronligi davri "Temuriylar Uygʻonish davri" deb atalib, bu davrda ilm-fan, adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik yuksak darajada rivojlandi. Amir Temur va uning avlodlari olimlar, shoirlar va sanʼatkorlarni qoʻllab-quvvatlab, ularni poytaxt Samarqandga jalb qildilar. Natijada, bu shahar ilm-fan va madaniyat markaziga aylandi.
Temuriylar davlatlarida islom davlat dini hisoblangan. Deyarli barcha temuriylarda musulmon soʻfiylarning ruhiy ustozlari boʻlgan. Amir Temurning bir qancha ustozlari boʻlgan: Mir Sayyid Baraka, Said Kulol. Amir Temur musulmon va soʻfiylik tariqatlariga ixlosi baland edi. Temurning birinchi maʼnaviy ustozi otasining ustozi, soʻfi, shayx Shamsiddin Kulol boʻlib, Xuroson shayxlaridan Zaynuddin Abu Bakr Toyabodiy ham unga ustozlik qilgan.
Temurning ustozlaridan yana biri Muhammad paygʻambarning avlodi shayx Mir Said Baraka edi. Aynan u Temurga 1370-yilda Samarqand taxtiga oʻtirganida hokimiyat timsollarini: nogʻora va bayroqni topshirgan. Mir Sayyid Baraka amirning kelajagini oldindan bashorat qilgan. U Temurga katta yurishlarida hamrohlik qilgan.
Temuriylar sulolasi oʻzining boy madaniy merosi, ilm-fan va sanʼatga qoʻshgan hissasi bilan nafaqat Markaziy Osiyo, balki jahon tarixida ham muhim oʻrin tutadi. Ularning hukmronligi davrida yaratilgan asarlar va meʼmoriy obidalar bugungi kunda ham insoniyat madaniy merosining ajralmas qismi hisoblanadi.