Tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga ko‘tarish ustuvor vazifa

Mamlakatimizda keyingi sakkiz yilda inson qadri ulug‘lanib, uning huquq va manfaatlari hamma narsadan ustun qo‘yilmoqda. Bu milliy rivojlanishning asosiy g‘oyasi ekanini tan olish lozim. Ulug‘vor maqsadning amalga oshirilishida xalq salomatligini mustahkamlash ustuvor vazifaga aylandi va kundan-kunga hayotimizda sezilarli natijalar namoyon bo‘lmoqda.

Jumladan, 10 noyabr kuni davlat rahbarining tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuvi ham soha istiqboli uchun yangi vazifalarni belgilab bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Ayniqsa, unda bayramni Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni sifatida nishonlash taklif qilinishi ulkan ijobiy hodisadir.

Shu soha vakili sifatida kecha va bugun o‘rtasidagi tafovutni yaxshi farqlayman. Masalan, bundan o‘n–o‘n besh yil oldin aholiga eng oddiy tibbiy xizmat ko‘rsatish ham bir qator muammolarga duch kelardi: dori-darmon va tibbiy jihoz yetishmasligi, hattoki bir martalik qo‘lqop va shpritslarning kamligi tibbiyot xodimlari va bemorlar o‘rtasida ziddiyatlarni keltirib chiqarardi.

Bunday vaziyat nafaqat bemorning salomatligi, balki yaqinlarining ruhiy holatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatardi. Hozirgi kunga kelib vaziyat tubdan o‘zgardi. Zamonaviy tibbiy jihozlar, dori-darmon zaxirasi va xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘lar olti baravarga oshirilib, markazlar 7,5 trillion so‘mlik sarmoya hisobiga zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi.

Ilgari faqat poytaxtda amalga oshirilgan 400 dan ortiq yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlar endilikda viloyat va tumanlarda ham mavjud bo‘ldi. Jumladan, 45 ta tumanda buyrak ko‘chirish kabi murakkab amaliyotlar ham yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, umumiy salomatlik ko‘rsatkichlarining yaqqol o‘sishi ham e’tiborga molik: onalar va go‘daklar o‘limi keskin kamaydi, erkaklar o‘rtasida o‘rtacha umr davomiyligi 71 yoshdan 73 yoshga, ayollar uchun esa 76 yoshdan 77,5 yoshga uzaydi.

Ushbu natijalar 600 mingdan ziyod fidoyi tibbiyot xodimlarining samarali mehnati mahsulidir. Qolaversa, “DMED” yagona elektron axborot platformasi ishga tushirilib, unga 36 milliondan ziyod aholining tibbiy ma’lumotlari kiritildi. Sun’iy intellekt asosida tibbiy tekshiruv va muolajalar turlari 43 taga yetdi, tez tibbiy yordamda chaqiriqlarni elektron boshqarish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, davlat muassasalariga robot texnologiyalari joriy etildi.

Iqtisodiy islohotlar farmatsevtika va xususiy tibbiyot sohasiga ham kuchli turtki berdi: milliy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 1,4 trillion so‘mdan 6,3 trillion so‘mga, eksport esa 6,3 million dollardan 250 million dollarga oshdi. Xususiy klinikalar soni 3,5 mingdan 9 mingga yetib, ularning xizmat turlari 50 tadan 130 taga ko‘paydi. Bugungi kunda tibbiy xizmatlarning 30 foizi xususiy sektor tomonidan ko‘rsatilmoqda.

Davlat rahbari ta’kidlaganidek, hozirgi kunda tibbiyotda asosiy maqsad shunchaki xizmat ko‘rsatish emas, balki “xalqning bahosini eshitadigan tizim” yaratishdir. Bu esa sifatni oshirish, raqamlashtirishni chuqurlashtirish va tibbiy xizmatni mahalla darajasiga yetkazishni talab qiladi. Endilikda yangi tizim asosida shifoxona va poliklinikalar faoliyatida fuqarolarning fikri bevosita aks etadi.

Viloyat va tuman sog‘liqni saqlash rahbarlari mahallalarga chiqadi, kasalliklar sabablarini o‘rganadi, yechim topadi hamda quyi bo‘g‘in tibbiyot xodimlarini o‘qitadi. Shu bilan birga, kundalik qabullar mahallalarda o‘tkaziladi, byurokratik to‘siqlar kamaytirilib, xalq bilan muloqot yaqinlashtirildi. Hamshiralar akademiyasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti negizida tashkil etilib, oliy hamshiralik yo‘nalishi ochildi.

Kelgusi yildan qabul kvotasi ikki barobar oshirilib, 2027 yildan kamida 20 foizdan ortiq kvotalar taqsimlanadi. Shu orqali oliy ma’lumotli hamshiralarni rag‘batlantirish va ularning maoshiga 100 foiz ustama berilishi rejalashtirilgan. Ushbu chora-tadbirlar soha xodimlari mehnatini munosib e’tirof etish hamda tibbiy xizmat sifatini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan muhim qadamlar bo‘lib, xalq salomatligi va farovonligi uchun barcha mexanizmlarning birdek samarali ishlashiga yo‘l ochadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish