Til – millat tafakkuri va ma’naviyatining tayanchi

Til – buyuk ajdodlarimizdan bizga qolgan bebaho meros, millat tafakkurining asosiy quroli va yuksak ma’naviyatning ifodasidir. Insonning his-tuyg‘ulari, fikr-mulohazalari, orzu-umidlari, quvonchu tashvishlari aynan til vositasida namoyon bo‘ladi. Til orqali biz nafaqat fikrlaymiz, balki borliqni his etamiz, o‘zligimizni anglaymiz. Shu jihatdan ona tili har bir millat uchun muqaddas qadriyatdir.

Dunyoda etti mingga yaqin til va lahja mavjud bo‘lib, ularning faqat ikki yuzga yaqinigina davlat tili maqomiga ega. O‘zbek tili ana shunday kam sonli, sharafli maqomga ega tillar qatorida turadi. Bu esa har birimiz uchun g‘urur manbaidir. Bugun dunyo bo‘ylab qariyb ellik million kishi o‘zbek tilida so‘zlashadi. Bu raqam ona tilining nafaqat tarixiy, balki demografik salohiyati yuqori ekanligini ham ko‘rsatadi.

O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi 1989 yil 21 oktyabrda qonuniy jihatdan mustahkamlandi. Bu sana – mustaqillik sari qo‘yilgan dadil qadam, milliy o‘zligimizni tiklash yo‘lidagi muhim burilish nuqtasi sifatida tarixga kirdi. Shundan buyon har yili 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni sifatida nishonlanadi. So‘nggi yillarda bu bayram nafaqat rasmiy, balki umumxalq ma’naviy qadriyatiga aylangan.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ona tilimizni rivojlantirish va uning nufuzini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 2020 yil 10 oktyabrda qabul qilingan “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatiga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon bu borada yangi bosqichni boshlab berdi. Unda davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan. Shuningdek, O‘zbek tili bayramini nishonlash to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishi tilga bo‘lgan hurmat va e’tiborning davlat darajasiga ko‘tarilganidan dalolat beradi.

Yaqinda yana bir tarixiy voqeaga guvoh bo‘ldik: joriy yilning 29 sentyabr kuni davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan o‘zbek tilida nutq so‘zladi. Bu voqea nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda yashayotgan yurtdoshlarimiz qalbini faxr va g‘urur tuyg‘ulariga to‘ldirdi. Bu orqali o‘zbek tilining xalqaro minbarlardagi nufuzi yanada oshdi.

O‘tmishga nazar tashlasak, mustabid tuzum yillarida o‘zbek tilining mavqei kamsitilgan, ta’lim va ish yuritishda rus tili ustuvor bo‘lganini ko‘ramiz. O‘zbek bolalariga o‘zbek tilida dars o‘tish “noqulay” deb hisoblanardi. Hatto ilmiy muassasalarda, yig‘ilishlarda o‘zbek tilidan foydalanish “xush ko‘rilmasdi”. Shu sababli 1989 yilda davlat tili to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishi millat ruhini ko‘targan, til sha’nini tiklagan tarixiy voqea bo‘ldi.

Bugungi kunda esa vaziyat butunlay o‘zgardi. Ona tilimizning rivojiga, uning sofligini saqlashga, aholi o‘rtasida savodxonlik va nutq madaniyatini oshirishga katta e’tibor berilmoqda. O‘zbek tilida so‘zlashuvchi xalq sonining ko‘pligi, uning turkiy tillar orasida ikkinchi o‘rinda turishi ham tildagi ulkan salohiyatdan dalolatdir. Dunyodagi ko‘plab universitetlarda o‘zbek tili va adabiyoti o‘qitilayotgani, xorijlik olimlar tomonidan o‘rganilayotgani ham o‘zbek tilining xalqaro nufuzini tasdiqlaydi.

Shu bilan birga, til sohasida hal etilishi zarur bo‘lgan masalalar ham mavjud. Ayniqsa, ba’zi yoshlar va shahar aholisi orasida xorijiy so‘zlarni ortiqcha aralashtirib so‘zlashish odati kuchayib borayotgani tashvishli hol. Bu holatni madaniyat yoki zamonaviylik emas, balki tilimizga befarqlik deb baholash kerak. Tilimizning go‘zalligi – uning sofligida. Agar biz so‘zlarimizni, iboralarimizni yo‘qotsak, fikrimiz ham g‘ariblashadi.

Ona tilimizni asrash va rivojlantirishning asosiy omillaridan biri – kitob mutolaasidir. Mumtoz adabiyotlar, xalq og‘zaki ijodi namunalari va zamonaviy asarlar tilimiz xazinasini boyitadi, so‘z boyligimizni oshiradi. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, G‘afur G‘ulom, Said Ahmad asarlarini o‘qish orqali biz qancha go‘zal so‘zlarni qayta kashf etamiz. Har bir o‘qilgan kitob – ona tilimizning yangi bir sahifasidir.

Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, reklama va yozuvlardagi imlo xatolari, chet tillar ta’siridagi so‘zlashuv uslublariga ham jiddiy e’tibor berish zarur. Til madaniyati – jamiyat madaniyatining ko‘zgusidir. Har bir ustoz, ota-ona va rahbar o‘z tilida to‘g‘ri, ravon va go‘zal so‘zlash orqali atrofdagilarga namuna bo‘lishi lozim.

Xulosa qilib aytganda, ona tilimiz – millatning ruhi, tafakkuri va ma’naviy ustunidir. Uni asrab-avaylash, rivojlantirish va kelajak avlodlarga sof, boy holatda yetkazish – har birimizning muqaddas burchimizdir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish