Ulkan o‘zgarishlar va amaliy natijalar yili

2024 yil Xorazm viloyati uchun ulkan o‘zgarishlar va amaliy natijalar yili bo‘ldi. Prezidentimiz rahbarligidagi islohotlar nafaqat iqtisodiy sohani, balki ijtimoiy, madaniy va infratuzilma sohalarini ham qamrab oldi. Eng avvalo, viloyat iqtisodiyotida barqaror o‘sish kuzatildi. Yalpi hududiy mahsulot hajmi sezilarli darajada ortib, iqtisodiy faoliyatning barcha yo‘nalishlarida ijobiy dinamika qayd etildi. Sanoatda ishlab chiqarish hajmlari ortayotgani, qishloq xo‘jaligida barqaror rivojlanish, qurilish sohasidagi yuqori sur’at va xizmatlar ko‘lamining kengayishi buning yaqqol dalilidir. O‘tgan bir yil davomida yalpi hududiy mahsulot hajmi 51,3 trln. so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 106,4 foizni tashkil qildi.

 

Investitsiya muhitini yaxshilash, ishbilarmonlikni qo‘llab-quvvatlash orqali Xorazmda yangi imkoniyatlar eshigi ochildi. Jumladan, viloyatga jalb etilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar natijasida 250 dan ziyod xorijiy kapital ishtirokidagi yangi korxonalar tashkil etildi. Ushbu korxonalarning faoliyati mahalliy iqtisodiyotni jonlantirish bilan birga, minglab yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga zamin yaratdi. Umumiy qiymati 4 trillion so‘mlik yirik loyihalar doirasida 16 mingdan ziyod fuqaro ish bilan ta’minlandi. Shuningdek, mahalliylashtirish dasturlari orqali hududda ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlari ko‘payib, import o‘rnini bosish darajasi ham keskin oshdi. Bu esa tashqi iqtisodiy qarmlikni kamaytirishda muhim qadam bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi.

 

Aholining turmush darajasini oshirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar ham ijobiy natija berganini alohida ayt etish joiz. Kambag‘allik darajasining pasayishi va ishsizlik ko‘rsatkichining qisqarishi joriy etilgan yangi iqtisodiy siyosat samarasi ekanini ko‘rsatadi. To‘xtab qolgan minglab korxonalar qayta faoliyat boshladi, minglab yangi kichik biznes subyektlari tashkil etildi. Buning natijasida kichik biznesning iqtisodiyotdagi ulushi ortib, ular aholi bandligi va daromad manbai sifatida muhim o‘rin egallamoqda. Xususan, kambag‘allik darajasi 14,1 foizdan 11,9 foizga, ishsizlik esa 5,8 foizga tushdi. Faoliyat ko‘rsatmayotgan 1702 ta korxona qayta tiklandi, 7038 ta yangi kichik biznes subyektlari tashkil etildi va ularning iqtisodiyotdagi ulushi 72,3 foizga yetdi.

 

Qurilish sohasida amalga oshirilgan ishlar ham bu yilning yorqin yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. O‘nlab maktab va bog‘chalar, tibbiyot muassasalari, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etildi yoki qayta ta’mirlandi. Minglab xonadonli uy-joylar, jumladan, ko‘p qavatli yangi turar-joylar foydalanishga topshirildi. Bu aholining munosib yashash sharoitlarini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda. Misol uchun o‘tgan yili 30 ta maktab, 15 ta bog‘cha, 13 ta tibbiyot muassasasi va 69 ta ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarda qurilish va ta’mirlash ishlari yakunlandi. 5500 xonadonga mo‘ljallangan uy-joylar foydalanishga topshirildi, jumladan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 2000 xonadonli ko‘p qavatli uylar qurib bitkazildi.

 

Infratuzilmani rivojlantirish sohasida ham mustahkam qadamlar qo‘yildi. Ichimlik suvi ta’minoti qamrovi tobora kengayib, aholining katta qismi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Elektr tarmoqlari va transformatorlarni yangilash orqali energiya ta’minoti sifat jihatdan yaxshilandi. Asfaltlangan yo‘llar va ta’mirlangan ko‘priklar orqali transport oqimi ancha yaxshilandi. Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘lining elektrlashtirilishi va tezyurar poyezdlar qatnovi boshlanishi esa transport sohasidagi eng muhim yangiliklardan biri bo‘ldi. Urganch shahrida jamoat transportini yaxshilash maqsadida olib kelingan zamonaviy avtobuslar aholiga qulaylik yaratdi. Ichimlik suvi va elektr ta’minoti, yo‘lsozlik va transport infratuzilmasi rivojiga ham alohida e’tibor qaratildi. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 91,2 foizga yetkazildi, 1960 km elektr tarmoqlari va 727 ta transformator yangilanib, ta’mirlandi. Yil davomida 563 km avtoyo‘llarga asfalt yotqizilib, 29 ta ko‘prik ta’mirlandi va 227 km ichki xo‘jalik yo‘llari shag‘allashtirildi.

 

Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalar 56 ming gektar maydonda joriy etildi, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlari qayta qurildi, 152 ta suv inshootlari yangidan barpo etildi yoki ta’mirlandi. Natijada 30 ming gektar yer suv bilan ta’minlandi, 52 ming gektar yerning meliorativ holati yaxshilandi. Yil yakunida 314 ming tonna paxta, 477 ming tonna don, 2520 tonna pilla va 1 million tonnadan ziyod meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirildi.

 

2024 yilda Xorazm turizm sohasida ham jadal rivojlandi. “Xiva – islom dunyosining turizm poytaxti” deb e’lon qilinishi munosabati bilan 1,1 million xorijiy va 4 million mahalliy sayyoh viloyatga tashrif buyurdi. Turizm infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 45 ta yangi mehmonxona va dam olish maskanlari, 4 ta yo‘l bo‘yi xizmat ko‘rsatish obyektlari foydalanishga topshirildi. “Arda Xiva” xalqaro sayyohlik majmuasi shahar tarixiy qiyofasini saqlagan holda, zamonaviylik bilan uyg‘unlashtirilgan turistik markaz sifatida faoliyat boshladi. Bu yerda muzey, bozor, restoranlar, mehmonxonalar, akvapark va amfiteatr kabi zamonaviy inshootlar sayyohlarga xizmat ko‘rsatmoqda.

 

Axborot texnologiyalari sohasida ham jiddiy o‘zgarishlar kuzatildi. IT xizmatlari eksporti 11,1 million dollarga yetdi. “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi doirasida minglab yoshlar dasturlash va frilans faoliyatiga jalb etildi. Maktabgacha ta’lim qamrovi 83 foizga yetdi, yangi davlat-xususiy sheriklik va oilaviy bog‘chalar tashkil etildi. 7300 o‘quvchiga mo‘ljallangan maktab binolari qurilib, ta’lim infratuzilmasi mustahkamlandi. Oliy ta’lim muassasalarida qabul kvotalari kengaytirilib, mutaxassisliklar soni oshirildi va bitiruvchilarning oliy ta’limga qamrovi 56 foizdan oshdi.

 

Sog‘liqni saqlash tizimida 29 ta tibbiyot muassasasi ta’mirlanib, 67 turdagi zamonaviy tibbiy jihozlar xarid qilindi. Ko‘z mikroxirurgiyasi markazining yangi binosi, “Xonqa” sanatoriysi va bir nechta xususiy klinikalar faoliyat boshladi. Shifoxonalarning moddiy-texnik bazasi yaxshilandi, xususiy sektorda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasalar soni 500 tadan oshdi.

 

O‘tgan yil davomida Xorazm viloyatida amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar nafaqat raqamlarda, balki xalq farovonligida, ijtimoiy barqarorlikda va fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchida o‘z ifodasini topdi. Ko‘plab yillar davomida hal etilmay kelayotgan muammolarga yechim topildi, aholi ehtiyojidan kelib chiqqan holda mahalliy dasturlar qayta ko‘rib chiqildi, joylardagi samaradorlikning aniq mezonlar asosida baholanishiga alohida e’tibor qaratildi. Yaratilgan ish o‘rinlari, qurilgan uy-joylar, ishga tushgan korxonalar va obod etilgan mahallalar inson manfaatlarini ustuvor qo‘yish siyosatining amaliy natijasidir.

 

Hozirgi kunda viloyatning har bir tumanida iqtisodiy yuksalish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy muhofaza tizimini mustahkamlash maqsadida mustahkam poydevor yaratildi. Yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish, zamonaviy kasblarga o‘qitish orqali turmush tarzini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar mamlakat miqyosida namuna bo‘lishga munosib. Har bir fuqaroga mansublik tuyg‘usini bag‘ishlaydigan, joylardagi muammolarni o‘z vaqtida yechishga qaratilgan bu tizim yaqin kelajakda yanada yuksak samara berishi shubhasiz.

 

2024 yil viloyatda “Yashil makon” loyihasini amaliyotga keng joriy etish yili bo‘ldi. 17,3 million dona manzarali va mevali daraxtlar ekilishi, har bir tumanda namunaviy ekologik ko‘chalar, bog‘lar va jamoat parklari tashkil etilishi nafaqat hududning tashqi qiyofasini, balki ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan mustahkam qadamlardir. Bu ishlar aholi ongida tabiatga nisbatan mas’uliyat hissini shakllantirishda, atrof-muhitga beparvolikni yo‘qotishda muhim ahamiyatga ega.

 

Shu bilan birga, axborot texnologiyalari sohasidagi ulkan salohiyatni ro‘yobga chiqarish maqsadida “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi yo‘lga qo‘yilib, minglab yoshlarni IT sohasiga jalb qildi. Bugungi raqamli iqtisodiyot davrida viloyatda IT eksportning 11,1 million dollarga yetishi – bu sohaga qaratilgan ustuvor e’tibor va oqilona siyosatning natijasidir. Xususan, frilans usulida ishlayotgan dasturchilarning soni va daromadlari ortib borayotgani – kelajak avlodning bozor talabiga mos salohiyatga ega ekanini tasdiqlaydi. Prezidentimiz tomonidan Xorazm IT sohasidagi istiqbolli hudud sifatida ko‘rsatilgani, albatta, viloyat uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi.

 

Ma’naviy-ma’rifiy hayotda ham 2024 yil ulkan tarixiy tadbirlarga boy bo‘ldi. Xususan, Jaloliddin Manguberdiга bag‘ishlangan xalqaro simpozium va ilmiy ekspeditsiyalar, “Lazgi” xalqaro festivali, “Qovun sayli” kabi tadbirlar nafaqat milliy merosimizni targ‘ib qildi, balki turizm sohasiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Xorazm o‘zining boy tarixi va madaniy merosi bilan nafaqat sayyohlarni, balki olimlarni, tadqiqotchilarni ham jalb qilmoqda. Madaniy infratuzilma rivoji ham shunga mos ravishda kechmoqda: Urganchda filarmoniya, Xivada qo‘g‘irchoq teatri faoliyati uchun zamonaviy binolar qurildi.

 

Xulosa qilib aytganda, 2024 yilda Xorazm viloyatida “Inson qadri uchun” tamoyili amalda o‘z tasdig‘ini topmoqda. Amalaga oshirilgan keng qamrovli islohotlar, qo‘lga kiritilgan natijalar va belgilangan ustuvor yo‘nalishlar kelgusida viloyatni bundan-da yuksak bosqichlarga olib chiqishi shubhasiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish