Sir emaski, ijtimoiy davlat deganda, har bir fuqaroning munosib turmush sifati va darajasiga erishishini ta’minlash, ijtimoiy tafovutni yumshatish va muhtojlarga yordam berish uchun moddiy boyliklarni adolat tamoyiliga muvofiq taqsimlashga qaratilgan davlat modeli tushuniladi. Keyingi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida bu borada muhim islohotlar amalga oshirilmoqda.
Birinchidan, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tashkil etildi, “Monomarkaz”lar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tizimlari joriy qilindi. Ishlayotgan pensionerga yuz foiz pensiya to‘lash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Har bir hudud kesimida kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rni yaratish, aholi daromadini oshirish bo‘yicha dasturlar qabul qilinmoqda. Eng muhimi, fuqarolarimiz va farzandlarimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bo‘yicha yangi tizim yaratildi.
Ikkinchidan, “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi”ning IV bobida “Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish” masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur strategiyaning 43-maqsadi bevosita har bir fuqaro uchun munosib sharoit yaratish va turmush darajasini muntazam oshirib borishga xizmat qiladi.
Bu borada jahon tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, “ijtimoiy davlat” maqomiga ega mamlakatlar iqtisodiy jihatdan yuqori darajada rivojlangan, jamiyat iqtisodiyoti tuzilmasi ijtimoiy yo‘naltirilgan, fuqarolik jamiyati shakllangan, davlat tomonidan turli ijtimoiy dasturlar ishlab chiqish va amalga oshirish tizimi mavjud, har bir kishi uchun munosib turmush sharoiti ta’minlanadi, har bir shaxs o‘zini namoyon qilishi uchun teng imkoniyatlar yaratilgan, davlatning o‘z fuqarolari oldidagi ijtimoiy mas’uliyati kuchli.
Ijtimoiy davlatning vazifalari borasida ilg‘or mamlakatlar tajribasi tahliliga ko‘ra, aholining ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan qismi — ishsizlar, pensionerlar yoki imkoniyati cheklangan shaxslarni, oilani, onalik, otalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni va mehnatni himoya qilish, daromadni qayta taqsimlash orqali jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlikni yo‘qotish, madaniyat va ta’lim loyihalari dasturlarini moliyaviy rag‘batlantirish hamda ishsizlikka qarshi kurashish ijtimoiy davlatning asosiy vazifasidir.
Ijtimoiy ta’minot tizimi ijtimoiy sug‘urta shaklida vujudga kelgan. Bunda nafaqa, ishsizlik bo‘yicha nafaqa, davlat byudjeti hisobidan va homiy jamg‘armalar tomonidan ajratiladigan to‘lovlar tushuniladi. Xalq farovonligining asosiy ko‘rsatkichi qashshoqlik darajasi orqali belgilanadi. Rivojlangan davlatlarda bu ko‘rsatkich 10 foizdan oshmaydi.
Uchinchidan, ijtimoiy davlat har bir kishiga munosib hayotiy sharoit kafolati sifatida eng kam iste’mol miqdorini (“iste’mol savatchasi”) belgilaydi. Ushbu vazifani davlat jamiyat a’zolari tomonidan yaratilgan qiymatni samarali qayta taqsimlab, birinchi navbatda, kam ta’minlangan aholi qatlamiga yo‘naltiradi. Odatda, iste’mol savatchasi har bir inson hayoti uchun yetarli, yuzlab nomdagi iste’mol tovarlari va xizmatlardan iborat bo‘ladi. Ijtimoiy maqomga ega davlat aholining ish qobiliyatini yo‘qotgan, nogiron bo‘lib qolgan va muhtoj qatlamiga nisbatan mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi.
To‘rtinchidan, ijtimoiy tenglikni ta’minlash eski sobiq sovet tizimidan keskin farq qiladi. Ijtimoiy tenglik tushunchasi hammaga birdek taqsimlash yoki hammaga birdek ta’minlashni emas, balki har bir kishi uchun teng imkoniyat va shart-sharoit mavjud bo‘lishini nazarda tutadi.
Umuman olganda, mamlakatimizda keyingi sakkiz yil davomida bu boradagi islohotlar samaradorlik, manzillik va adolat tamoyillariga asoslanib, fuqarolarning real ehtiyojlarini hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda. Buning uchun maxsus mezonlar ishlab chiqilib, ehtiyojmand toifaning aniq qanday yordamga muhtojligi belgilanmoqda. Har bir fuqaro uchun alohida individual ijtimoiy xizmatlar dasturi tuzilgan.
Xususan, ayni paytda aholining o‘rganilishi uchun yagona so‘rovnoma joriy etilgan. Xonadonga “mahalla yettiligi”ning qaysi vakili kirishidan qat’i nazar, oiladagi muammolar va imkoniyatlar xolis baholanadi va “ijtimoiy portret” shakllantiriladi. Faqat yordam berish bilan cheklanilmaydi — yordamdan keyin xonadondagi o‘zgarishlar ham doimiy monitoring qilib boriladi.
Bundan ko‘zlangan maqsad mablag‘ni qisqartirishda emas, balki mavjud resurslarni aynan haqiqiy muhtojlarga yetkazish, ularni jamiyatga integratsiya qilish, mustaqil hayot kechirish imkonini yaratishdan iborat. Ijtimoiy xizmatlar endi shartnoma asosida taqdim etiladi. Bu esa xizmat ko‘rsatuvchi va yordam oluvchi o‘rtasida o‘zaro mas’uliyatni kuchaytiradi.
Nafaqa oluvchilar ro‘yxatiga esa avvalo nogironligi bor shaxslar, ota-onasiz bolalar, boquvchisini yo‘qotganlar, kasalligi yoki boshqa sabab bilan uzoq muddat ishlay olmaydiganlar kiritilmoqda.
Boshqa fuqarolarni “ijtimoiy reyestr”ga kiritishda esa endi faqat daromad emas, balki xarajatlar, qarzlar, ijarato‘lovlari va hayot tarzi ham chuqur tahlil etilmoqda.
Yana bir muhim jihat shuki, endilikda barcha ijtimoiy yordamlar “ijtimoiy karta” orqali moliyalashtirilmoqda. Bu karta orqali yordamning maqsadli yetib borishi, shaffoflik va samaradorlik ta’minlanadi.
Shuningdek, ko‘p tarmoqli ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etish orqali maxsus ehtiyojmand shaxslar, ayniqsa, nogironligi borlarga moslashtirilgan xizmatlar ko‘lami kengaytirilmoqda. Xususan, 40 ta tumanda faoliyat boshlagan bu markazlarda reabilitatsiya, sog‘lomlashtirish va qarovchilarni o‘qitish kabi muhim yo‘nalishlar qamrab olinmoqda.
Qisqasi, bu islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Maqsad — inson va uning manfaatlarini birlamchi o‘ringa qo‘yish hamda ular uchun munosib turmush sharoitini yaratishdan iborat. Zero, ijtimoiy davlat tamoyili aynan shunday mustahkam asoslarda qurilayotgani xalqparvar siyosatning amaliy ifodasidir.