Bugun dunyoda raqobatchi iqtisodiyot yaratishda davlatlar jadal harakat qilmoqda. Mazkur jarayonda tadbirkorlik salohiyati, xususan, kichik va o‘rta biznes sektori asosiy o‘rinda. O‘zbekistonda ham vaziyat shunday. Keyingi besh yilda kichik va o‘rta biznes mamlakat iqtisodiyotining lokomotiviga aylangani bemalol aytiladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 5 yilda yurtdosh tadbirkorlar soni 2 barobar ko‘paygan. Bugun 10,5 millionga yaqin kishi aynan shu soha orqali daromad topmoqda. Bu mamlakat bo‘yicha band aholining 74 foizi degani. Iqtisodiyot hajmining yarmidan ko‘pi, sanoat mahsuloti va eksportning uchdan bir qismi kichik va o‘rta biznes subyektlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 2025 yil yanvar–iyun oylaridagi dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, aholining umumiy daromadida kichik tadbirkorlik ulushi 57 foizni tashkil etgan.
Bu raqamlarning o‘ziyoq bitta haqiqatni ko‘rsatadi: O‘zbekistonning iqtisodiy kelajagi — tadbirkorlikda.
Prezidentimiz tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda alohida ta’kidladi: “Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash — bu bizning strategik yo‘limiz”. Bu so‘zlar ortida ulkan harakat, yo‘naltirilgan siyosat va aniq mexanizmlar bor. Jumladan, 2025 yilda kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ulushini 55 foizga oshirish, 70 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish, kichik va o‘rta biznes eksportini 12 milliard dollargacha yetkazish, kommunal xizmatlar, logistika va ijtimoiy xizmatlarda kichik va o‘rta biznes ulushini 2–3 barobar ko‘paytirish, 1,5 million doimiy ish o‘rni ochish, 4000 ta tadbirkorlik subyekti tashkil qilish, 100 ta yangi milliy brend yaratish, 200 ta startapni moliyalashtirish kabi vazifalar qo‘yilgan.
Bu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish uchun 10 milliard dollarlik imtiyozli resurslar safarbar etiladi. Shundan 2,5 trillion so‘mi yoshlar, 2,5 trillion so‘mi ayollar tadbirkorligiga yo‘naltiriladi.
Ko‘p yillardan beri tadbirkorlar oldidagi eng katta to‘siqlardan biri moliyalashtirish edi. Endi bu yo‘nalishda aniq yechimlar joriy qilinmoqda. 2025 yildan boshlab kichik biznesga 300 million so‘mgacha kreditlar berila boshlandi. Faoliyatini kengaytirgan tadbirkorlarga shu summaning 150 million so‘mi garovsiz ajratiladi. Oilaviy tadbirkorlik uchun ham 50 million so‘mgacha garovsiz kredit taqdim etiladi. E’tiborli jihati, ayol tadbirkorlar uchun kredit stavkasi boshqalarga nisbatan 2 foizga pasaytiriladi.
Innovatsion iqtisodiyot yuqori qo‘shilgan qiymat manbaidir. Raqamlarga e’tibor qaratilsa, so‘nggi 5 yilda 145 million dollarlik 53 ta startap loyihasi amalga oshirilgan. Yangi 3 ta venchur kompaniya orqali 50 million dollarlik fond shakllantirildi. Bu mablag‘ ko‘proq ilmiy-texnologik yechimlar va raqamli iqtisodiy loyihalarga yo‘naltirilishi kutilmoqda. Yaralgan innovatsion mahsulotlar texnik standartlarga kiritilib, davlat buyurtmalarida ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi.
Kichik biznesga faoliyat yuritishi uchun zarur yer va binolar berish masalasida ham muhim o‘zgarishlar kiritilmoqda. Jumladan, davlatga tegishli 150 ta bino auksionga chiqarilib, tadbirkorlarga taklif etiladi. 5000 gektardan ortiq yer yangi ijara tizimi orqali fermerlarga beriladi. 30 ming gektar yer bozor qonuniyatlari asosida taqsimlanadi.
20 ta tuman va shaharda maxsus loyiha ofislari tashkil etiladi. Ular xorijlik muhandis, texnolog va marketologlarni jalb qilib, tadbirkorlar uchun amaliy maslahat va qo‘llab-quvvatlov xizmatlarini taqdim etadi. Ana shu maqsadga 100 milliard so‘m ajratiladi.
Yangi tadbirkorlar uchun “birinchi imkoniyat” degan yangi yondashuv joriy etiladi. Endi birinchi marta ma’muriy xato qilgan tadbirkor uni tuzatish imkoniga ega bo‘ladi. Faoliyatini ixtiyoriy to‘xtatmoqchi bo‘lgan kichik biznes subyektlari uchun ham yengilliklar joriy qilinmoqda. Xususan, aylanishi 10 milliard so‘mdan kam va qarzi yo‘q korxonalar tekshiruvsiz tugatiladi.
Qisqasi, yangi O‘zbekiston iqtisodiyoti ana shunday yangi yo‘nalish, yangi tartib, yangi dunyoqarash bilan taraqqiyot sari qat’iy odimlamoqda. Bu yo‘lda xususiy sektorga strategik ahamiyat berildi. Avvalgi markazlashgan iqtisodiy modelda chetda qolgan xususiy tashabbuslar endi rivojlanishning asosiy lokomotiviga aylandi.
Agar bu yo‘nalishdagi islohotlarga e’tibor qaratilsa, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, huquqiy va moliyaviy asoslarini mustahkamlash, tadbirkorlik muhitini erkinlashtirishga qaratilgan ko‘plab ishlar amalga oshirilganini ko‘rish mumkin.
Jumladan, litsenziya va ruxsatnoma turlari qisqartirildi, tadbirkorlar uchun byurokratik to‘siqlar bekor qilindi, soliq va bojxona to‘lovlarida yengilliklar yaratildi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tish mexanizmlari ishlab chiqildi.
Davlat aktivlarini xususiy sektorga o‘tkazish borasida ham salmoqli qadamlar qo‘yildi. 2019–2023 yillarda 1900 dan ortiq davlat aktivi xususiylashtirildi. Davlat ishtirokidagi korxonalarda transformatsiya jarayoni boshlandi. Iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish orqali raqobat muhiti shakllandi. Bu jarayonda Davaktiv.uz portali, elektron auksion va tender platformalari orqali fuqarolar hamda investorlar ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilda xususiylashtirishdan 7,5 trillion so‘m tushum tushgan.
Hukumat va xususiy sektor o‘rtasida barqaror hamkorlikni ta’minlash maqsadida “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Xususiy sektor ishtirokida davlat xizmatlari ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. 2023 yilda umumiy qiymati 5,2 milliard dollarlik DXSh loyihalari ishga tushirildi.
Davlatning iqtisodiyotdagi ulushi bosqichma-bosqich qisqartirilib, xususiy sektor imkoniyati kengaymoqda. Bu jarayon nafaqat iqtisodiy o‘sishga turtki bermoqda, balki jamiyatda fuqarolar faolligini oshirishda ham muhim omil bo‘lmoqda. Chunki xususiy sektor rivoji faqat korxonalar sonining ko‘payishi emas, balki aholining iqtisodiy va ijtimoiy hayotdagi ishtirokini chuqurlashtirish demakdir. U jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasini, tashabbus va mas’uliyatni rivojlantiradi.
Iqtisodiyotda davlat ulushi kamayib, xususiy sektor ulushi ortishi bu — faqat raqamlar emas, balki jamiyatning yangicha fikrlashi, fuqarolarning o‘z hayoti va mamlakat taqdiri uchun mas’uliyatni his etishidir. Iqtisodiy nazariyaga ko‘ra, xususiy mulk egasi o‘z resurslaridan samarali foydalanish, bozor talablariga mos mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishga intiladi. Bu esa raqobat muhiti kuchayishiga olib keladi. Shu tariqa mahsulot sifati oshadi, ish o‘rinlari yaratiladi va yangi texnologiyalar joriy etiladi.
Islohotlar xususiy tadbirkorlikka kirishish uchun to‘siqlarni kamaytirdi. Ya’ni ro‘yxatdan o‘tish jarayoni soddalashtirildi, soliq yuki yengillashtirildi, tashqi bozorlarga chiqish imkoniyati kengaydi. Bu orqali mamlakat yalpi ichki mahsulotining katta qismi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kela boshladi.
Rivojlangan mamlakatlar tajribasiga ko‘ra, xususiy sektor ulushi qanchalik katta bo‘lsa, iqtisodiyot shunchalik barqaror va jamiyat faol bo‘ladi. Masalan, Janubiy Koreya yoki Singapurda xususiy sektor davlat islohotlarining yetakchi kuchi sifatida xizmat qilgan.
Davlat bilan biznes o‘rtasidagi sheriklikni institutsionallashtirish yo‘lida yangi mexanizmlar yaratildi. Tadbirkorlar bilan muntazam uchrashuvlar, biznes assotsiatsiyalarning davlat organlari bilan uzviy aloqasi, xususiy sektor vakillarining qonun loyihalarini muhokama qilishda ishtiroki kabi chora-tadbirlar biznes muhitini yaxshilashga xizmat qildi. Bundan tashqari, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus fond va dasturlar ishga tushirildi. Yangi korxonalar paydo bo‘lishi jahon standartlariga mos mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarish imkonini yaratib, eksport salohiyatini oshirishga hissa qo‘shdi.
Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekiston sharoitida xususiy biznesga faqat daromad manbai emas, balki ijtimoiy sherik, ijtimoiy mas’uliyatli subyekt sifatida qaralmoqda. Mazkur tendensiya “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ham o‘z aksini topgan, ya’ni xususiy sektor ulushini yanada oshirish, innovatsion biznesni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.