Yangi Markaziy Osiyo mintaqaning tinchlik va hamjihatlikka bo‘lgan intilishi timsolidir

Davlatimiz rahbari tomonidan “Yangi O‘zbekiston” gazetasida “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli maxsus maqola e’lon qilindi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ushbu tarixiy maqolada mintaqa mamlakatlarining o‘zaro hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilgani ilmiy, siyosiy va amaliy jihatdan asoslab berilgan.

Prezident mintaqaning yaqin tarixda bosib o‘tgan yo‘lini tahlil etib, keyingi bosqichdagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, iqtisodiy integratsiyani kuchaytirish, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, shuningdek, suv-energetika, ekologiya, transport va raqamli iqtisodiyot sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligi qayd etilgan. Qolaversa, gumanitar hamkorlikni kengaytirish va xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonch hamda do‘stlikni mustahkamlash dolzarb vazifalar sifatida belgilandi.

Tan olish kerak, bugungi kunga kelib Markaziy Osiyo dunyo xaritasida o‘zining mutlaqo yangi qiyofasi bilan namoyon bo‘lmoqda. Mintaqa davlatlari o‘zaro hamkorlik, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga tayanayotgan yangi integratsion bosqichni boshdan kechirmoqda. Maqolada bu jarayon o‘z-o‘zidan vujudga kelmagani, balki umumiy taqdiri va birgalikda taraqqiy etish salohiyatini anglab yetgan mamlakatlar yetakchilarining aniq maqsadga qaratilgan sa’y-harakatlari va siyosiy irodasi natijasi ekani bayon etilgan.

2017 yilda yo‘lga qo‘yilgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formati o‘zaro munosabatlarda yangi sahifa ochdi. Bu tashqi vositachilarsiz, ichki ishonchga asoslangan mintaqaviy muloqotning ilk samarali tizimi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘tgan qisqa fursatda mazkur format haqiqiy siyosiy hamjihatlik maydoniga aylandi.

So‘nggi yillarda davlatlar o‘rtasidagi ishonch va siyosiy yaqinlashuvning aniq ifodasi bo‘lgan bir qator tarixiy hujjatlar imzolandi. Eng yorqin misol — 2025 yil mart oyida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida uch davlat chegaralari tutashgan nuqta to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishidir. Bu hujjat bilan minglab odamlar taqdiriga daxldor bo‘lgan uzoq yillik masalaga nuqta qo‘yildi.

Bunda chegaralar endi ajratish vositasi emas, balki do‘stlik va hamjihatlik ko‘prigiga aylandi. Mintaqa mamlakatlari chegara masalalarida yechim topish orqali tarixiy ishonchni mustahkamladi va kelgusi avlodlar uchun barqarorlik poydevorini yaratdi.

Bir paytlar kelishmovchiliklar manbai bo‘lgan suv-energetika sohasida ham ijobiy burilish yuz berdi. Qambarota GES-1 loyihasini O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuv — mintaqaviy manfaatlar uyg‘unligining yorqin namunasidir.

Zarafshon daryosidagi Yovon va Fondaryo GESlarini qurish loyihalari, Amudaryo suvlaridan oqilona foydalanish bo‘yicha Turkmaniston bilan imzolangan kelishuvlar — hamjihatlikning amaliy ifodasi hisoblanadi. Bu kabi hamkorlik nafaqat energetik xavfsizlikni mustahkamlaydi, balki ekologik barqarorlik va suv resurslaridan adolatli foydalanishni ham ta’minlaydi.

Maqolada mintaqaviy iqtisodiy o‘sish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Ta’kidlanganidek, so‘nggi sakkiz yil ichida Markaziy Osiyo iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari dunyodagi ko‘plab mintaqalarga nisbatan yuqori bo‘ldi. Mintaqaning yalpi ichki mahsuloti 2,5 barobarga o‘sib, 520 milliard dollarga yetdi. Tashqi savdo hajmi esa ikki karradan ziyod oshib, 253 milliard dollarni tashkil qildi.

O‘zaro savdo hajmi 11 milliard dollarga yetdi, bu 2016 yilga nisbatan ikki barobar ko‘pdir. Faqatgina O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,4 milliard dollardan 7,2 milliard dollarga yetdi. Bu raqamlar bir narsani anglatadi: Markaziy Osiyoda iqtisodiy integratsiya faqat siyosiy shior emas, balki amaliy voqelikka aylanmoqda.

Sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan qo‘shma investitsiya fondlari, avtomobilsozlik, elektrotexnika va to‘qimachilik sohasidagi loyihalar mintaqaviy iqtisodiy tizimni yanada mustahkamlamoqda. 2025–2027 yillar uchun qabul qilingan Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish harakatlar rejasi bu jarayonning institutsional asosiga aylandi.

Tarixiy maqolada siyosiy va iqtisodiy masalalar bilan bir qatorda, madaniy va insonparvarlik borasidagi hamkorlik ham yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida tilga olingan. Xususan, mintaqada “Markaziy Osiyo yoshlari platformasi”, “Yetakchi ayollar muloqoti”, “Rektorlar forumi”, “Olimlar anjumani” kabi yangi muloqot formatlari yo‘lga qo‘yildi.

Madaniyat yillari, qo‘shma ko‘rgazmalar, sport tadbirlari va festivallar xalqlarimizning o‘zaro yaqinligini yanada kuchaytirmoqda. Turizm sohasida ham sezilarli o‘sish kuzatilmoqda. Mintaqaviy sayyohlik oqimida ichki turizm ulushi 80 foizdan oshib ketdi.

Bu jarayonlar natijasida Markaziy Osiyoda umumiy madaniy makon va birgalikdagi qadriyatlar tizimi shakllanmoqda. Hozir mintaqa xalqlari “qo‘shnichilik — xavf emas, imkoniyat” degan yangicha dunyoqarashni amalda namoyon etmoqda.

Prezidentimiz maqolasida Markaziy Osiyoning xalqaro maydondagi roli ham chuqur tahlil qilinganini alohida e’tirof etish joiz. Bugun dunyoning yetakchi davlat va tashkilotlari Markaziy Osiyoni yagona mintaqaviy sherik sifatida qabul qilmoqda. “Markaziy Osiyo plyus” formatlari bu jarayonning amaliy ifodasidir.

2024 yilda Ostonada qabul qilingan “Markaziy Osiyo — 2040” konsepsiyasi mintaqaviy xavfsizlik va hamkorlikning uzoq muddatli strategiyasini belgilab berdi. Shuningdek, “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi”, “Markaziy Osiyo — Xitoy”, “Markaziy Osiyo — AQSh”, “Markaziy Osiyo — Rossiya” sammitlarining faollashuvi mintaqaning global siyosatdagi nufuzini yanada oshirmoqda.

Bu formatlar nafaqat siyosiy muloqot, balki energetika, transport, raqamli iqtisodiyot va “yashil texnologiyalar” sohasidagi aniq amaliy loyihalarga asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Maqolada Afg‘oniston bo‘yicha pozitsiya ham muhim o‘rin tutadi. Prezident bu mamlakatni mintaqaviy barqarorlikning ajralmas halqasi sifatida baholaydi. Haqiqatan ham Afg‘onistonsiz mintaqada barqarorlik va rivojlanishni to‘liq ta’minlab bo‘lmaydi. Shu bois Markaziy Osiyo davlatlari ushbu mamlakatni mintaqaviy iqtisodiy va gumanitar jarayonlarga izchil jalb etish tarafdori.

Transafg‘on temir yo‘li loyihasi - Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishi va butun mintaqadagi transport-tranzit aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Shu bilan birga, afg‘on xalqini gumanitar yordam, ta’lim va energetika sohasida qo‘llab-quvvatlash ishlari izchil davom etmoqda.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo aholisi 2050 yilga borib 100 milliondan oshib ketadi. Mintaqadagi aholining o‘rtacha yoshi 29 yosh bo‘lganini inobatga olsak, bu demografik resurs ulkan salohiyatni ifoda etadi.

Shu bois yoshlar salohiyatini innovatsiya, fan va tadbirkorlik sari yo‘naltirish, ta’lim sifatini oshirish, umumiy axborot va ilmiy makon yaratish — strategik vazifa sifatida kun tartibida turibdi.

Hamkorlikning kelgusi yo‘nalishlaridan biri suv, iqlim, energiya va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘ladi. Bu sohalarda umumiy yondashuvlar va innovatsion loyihalar kelgusi o‘n yilliklarda mintaqaning barqaror taraqqiyotini belgilab beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning mazkur maqolasi shunchaki siyosiy bayonot yoki navbatdagi diplomatik chiqish emas, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining kelajak yo‘nalishini belgilab beradigan, strategik mazmunga ega dolzarb dasturiy hujjatdir. Unda bayon etilgan g‘oya va tashabbuslar nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqadagi davlatlar va xalqlar uchun umumiy taraqqiyot, barqarorlik va hamjihatlikning mustahkam yo‘l xaritasini shakllantirmoqda. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Yangi Markaziy Osiyo — bu nafaqat geografik atama, balki xalqlarimizning yagona maqsad va orzulari, tinchlik va hamjihatlikka bo‘lgan intilishi timsolidir”.

Umuman olganda, mazkur tarixiy maqola jahon geosiyosiy maydonida Markaziy Osiyoning o‘z yo‘li, ovozi va qadriyatlarini namoyon etish deklaratsiyasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. U xalqlarimizning yagona orzu va intilishlarini birlashtiradigan ruhiy va amaliy poydevor bo‘lib, tinchlik, hamjihatlik va farovonlik sari yo‘l ochishga xizmat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish