Yangi O‘zbekiston islohotlar laboratoriyasi, tinchlikparvar siyosat va ma’naviy tiklanish makonidir

Pokistonlik taniqli jurnalist va publitsist Muhammad Abbos Xon qalamiga mansub “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – kelajak konsepsiyasi” kitobi nashrdan chiqishi mamlakatimiz hayotidagi muhim ma’naviy-madaniy voqealardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Urdu tilida yozilgan ushbu asarning rus va o‘zbek tillariga tarjima qilinishi esa Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro jamoatchilik muntazam e’tiborida ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ta’kidlash o‘rinliki, bu kitob shunchaki siyosiy yoki iqtisodiy tahlil emas. Muallif O‘zbekistonda kechayotgan jarayonlarga badiiy-publitsistik uslubda, mustaqil va xolis nigoh bilan yondashadi. Asarning asosiy g‘oyasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans konsepsiyasining mazmun-mohiyatini ochib berish, uning falsafiy ildizlari va strategik maqsadlarini xalqaro o‘quvchiga tushunarli tilda yetkazishdan iboratdir, desak aslo xato bo‘lmaydi.

Muhammad Abbos Xon O‘zbekistondagi islohotlarni zamonaviy siyosiy jarayonlar bilan cheklab qo‘ymaydi. U Uchinchi Renessans g‘oyasining ildizlarini Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk allomalar yashab ijod qilgan yurtning ko‘p asrlik ma’naviy, ilmiy va madaniy merosi bilan bog‘laydi. Muallifning fikricha, bugungi taraqqiyot tasodifiy emas, balki boy ma’naviy ildizga ega tarixiy jarayondir. Yangi O‘zbekiston ana shu boy ma’naviy buloqdan kuch olgan holda, global chaqiriqlarga zamonaviy yechim taklif etib kelmoqda.

Asarda mamlakatimizda olib borilayotgan hozirgi keng ko‘lamli islohotlar Buyuk Ipak yo‘li bilan qiyoslangan. Ya’ni O‘zbekiston qadimda savdo, ilm-fan va madaniyatlar chorrahasi bo‘lgani kabi, bugun ham mintaqaviy va global hamkorlik markaziga aylanish sari ildam qadam tashlayotgani e’tirof etilgan. Farq shundaki, bugungi O‘zbekiston an’analarni shunchaki tiklamasdan, balki ularga yangi mazmun bag‘ishlab, ochiqlik, innovatsiya va ilmiy hamkorlikka asoslangan yangi taraqqiyot modelini shakllantirmoqda.

Kitobda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning insonparvarlik mohiyatiga alohida e’tibor qaratilgan. Ta’lim, ilm-fan, diniy bag‘rikenglik, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kabi yo‘nalishlardagi o‘zgarishlar muallif tomonidan Uchinchi Renessansning amaliy ifodasi sifatida talqin qilinadi. Bu jarayonlar nafaqat O‘zbekiston uchun, balki butun mintaqada barqaror taraqqiyot va tinchlikni ta’minlashda muhim omil ekani qayd etilgan.

Asarning yana bir muhim jihati — muallifning O‘zbekiston tajribasini umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘un holda talqin qilganidir. U Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni faqat milliy taraqqiyot doirasida emas, balki global ma’naviy inqiroz sharoitida insonparvarlikka asoslangan muqobil model sifatida ko‘radi. Muallifning ta’kidlashicha, ayrim mintaqalarda kuch, bosim va yakkahokimlik hukm surayotgan bir paytda, O‘zbekiston tajribasi muloqot, ochiqlik va adolat orqali rivojlanish mumkinligini yaqqol namoyon etmoqda.

Kitobda davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Xususan, islohotlarning markazida inson manfaatlari turgani, davlat xalqga xizmat qilishi kerakligi haqidagi g‘oya amalda o‘z ifodasini topayotgani ta’kidlangan. Haqiqatan ham shunday. Zotan, bu yondashuv Uchinchi Renessansning eng muhim shartlaridan biridir. Zero, ma’naviy uyg‘onish va ilmiy taraqqiyot faqat erkin fikr, ijtimoiy adolat va jamiyatga ishonch muhitidagina rivojlanadi.

Bilamiz, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik O‘zbekiston taraqqiyot modelining ajralmas va muhim jihatlaridan biridir. Islom sivilizatsiyasining asrlar davomida shakllangan ilmiy-ma’rifiy an’analaridan kelib chiqib, din jamiyatni birlashtiruvchi, insonni kamolot sari yetaklovchi ma’naviy kuch sifatida ifodalanadi. Bunday yondashuv ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashda ma’muriy choralardan ko‘ra, ma’rifat va bilimga tayanish eng to‘g‘ri yo‘l ekani kitobda alohida ochib berilgan.

Umuman olganda, asarda Yangi O‘zbekiston islohotlar laboratoriyasi, tinchlikparvar siyosat va ma’naviy tiklanish makoni sifatida baholangan. Bu esa mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash, tashqi hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro ishonch muhitini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu ma’noda, “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – kelajak konsepsiyasi” asari faqat kitobxonlar uchun emas, balki siyosatshunoslar, jurnalistlar, tadqiqotchilar va keng jamoatchilik uchun ham bebaho manba hisoblanadi. Ishonchimiz komilki, mazkur kitob Yangi O‘zbekiston yo‘lini tushunish, uning mohiyati va strategik maqsadlarini anglashda muhim tahliliy va ma’naviy qo‘llanma vazifasini o‘taydi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu asar kundan-kunga rivojlanib borayotgan Yangi O‘zbekistonning bugungi qiyofasi va ertangi istiqbolini xalqaro nuqtai nazardan ochib beruvchi muhim manba, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish