Bugungi kunda sun’iy intellekt texnologiyalari hayotimizning ajralmas qismiga aylanib, eng murakkab masalalarga ham tezkor va aniq yechim topa oladigan darajada rivojlanmoqda. Xalqaro raqobatda ham intellektual salohiyat va texnologik ustunlik hal qiluvchi omilga aylanmoqda.
So‘nggi yillarda u jadal taraqqiy etib, imkoniyat kengaygani sari sun’iy intellekt bo‘yicha dasturiy mahsulotlar ham ko‘paymoqda. Odamlar zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni boshlagani tufayli u texnologiya va jamiyat rivojida global tendensiyaga aylandi. Har bir davlat, har bir korporatsiya hozir u orqali raqobat qilmoqda.
Mamlakatimizda ham sun’iy intellekt imkoniyatlari to‘g‘ri baholanib, undan foydalanish tobora ommalashmoqda. Xususan, davlat boshqaruvi tizimlarida, ta’limda, tibbiyotda, iqtisodiyotda va qishloq xo‘jaligidagi bir nechta sohalarda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish kengaymoqda.
O‘tgan davrda sun’iy intellektni rivojlantirish uchun huquqiy va tashkiliy asoslar yaratildi. “Sun’iy intellektni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi” qabul qilindi, maxsus markaz tashkil etilib, 30 dan ortiq pilot loyihalar amalga oshirildi. Buning natijasida O‘zbekiston xalqaro reytingda 17 pog‘ona yuqorilab, Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi.
Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari muhokama qilinib, bu borada aniq vazifalar belgilab berildi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “bugun insoniyat yangi sivilizatsiya bosqichiga – sun’iy intellekt davriga dadil qadam qo‘ymoqda. Qaysi soha bo‘lmasin, kim bu jarayonda qat’iy izlanib, aniq natija qilsa, bir qadam oldinda yursa, marra shuniki bo‘ladi.” Shu bois O‘zbekiston ham bu sohada kuzatuvchi emas, faol ishtirokchi bo‘lish yo‘lini tanladi.
Mamlakatimiz yetakchisi tomonidan belgilangan uch asosiy yo‘nalish — infratuzilma, ochiq ma’lumotlar va kadrlar tayyorlash — bu strategiyaning tayanch ustunlaridir. Shu maqsadda 16 ta superkompyuter xarid qilish uchun 50 million dollar ajratilishi, keyingi yilda bu mablag‘ ikki baravar oshirilishi rejalashtirilgan.
Sohaning investitsion jozibadorligini oshirish maqsadida Qoraqalpog‘istonda maxsus imtiyozli rejim joriy etiladi, sun’iy intellekt infratuzilmasiga 100 million dollardan ortiq sarmoya kiritgan investorlar uchun elektr energiyasi narxi 5 sent etib belgilanadi, IT-park imtiyozlari tatbiq qilinib, import uskunalari bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.
Chekka hududlarda esa internet tezligini oshirish maqsadida “sputnik internet” operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Davlatimiz rahbari ma’lumotlar ishonchliligi va sun’iy intellekt samaradorligini oshirish uchun 55 ta tashkilotning ma’lumotlar bazasini yagona davlat data-markaziga birlashtirish, kelgusi yilda bu tizimni barcha vazirlik va idoralarga tatbiq etish zarurligini ta’kidladi.
Yana bir muhim masala sifatida sun’iy intellekt dasturlari o‘zbek tilini mukammal tushunishi zarurligi qayd etildi. Bu maqsadda “O‘zbek tili milliy korpusi”ni yaratish vazifasi qo‘yildi. Ushbu tashabbus o‘zbek tilining raqamli imkoniyatlarini kengaytirish, milliy qadriyatlarni global texnologiyalar tili orqali ifodalashga xizmat qiladi, shubhasiz.
Yig‘ilishda ilgari surilgan “Sun’iy intellekt alyansi” g‘oyasi esa davlat, biznes, ilmiy doiralar va yoshlar kuchini birlashtirib, O‘zbekistonni mintaqada sun’iy intellekt markaziga aylantirish strategiyasining poydevori bo‘ladi.
Prezidentimiz IT-parkka tashrifi chog‘ida sun’iy intellektni sohalarga keng joriy etishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan ham tanishdi. Taqdim etilgan “Universitet – sanoat – xalqaro hamkorlik” klasteri va “AI Maktab” platformasi orqali yoshlar raqamli ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, o‘qituvchilar malakasi oshirilishi hamda soha uchun zamonaviy mutaxassislar tayyorlanish imkoniyatlari kengayadi.
Mamlakatimiz rahbari iqtidorli yoshlar yaratgan “PromptLab”, “Detecting-AI.com” va “KotibAI” kabi mahalliy ishlanmalarni yuqori baholab, sun’iy intellekt loyihalarini harbir sohada joriy etish va yoshlarning ilmiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Umuman, bugun O‘zbekiston sun’iy intellektni taraqqiyot, iqtisodiy raqobatbardoshlik va intellektual mustaqillikning asosi sifatida ko‘rmoqda. Yangi strategiyalar, texnologik infratuzilma va inson kapitaliga qaratilgan sarmoyalar mamlakatni Yangi O‘zbekiston konsepsiyasiga mos ravishda intellektual davlat sari yetaklamoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan sohani rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar Qonunchilik palatasi deputatlari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Shu ma’noda, biz xalq vakillari mazkur yo‘nalishdagi faoliyatimizni yanada jonlantirib, sohaning huquqiy asoslarini bugungi islohotlarga mos ravishda takomillashtirib borishga, bu boradagi ishlar ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz.