Yashil texnologiyalar rivoji mamlakatimizning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi

Dunyo global texnologik inqilob ostonasida turibdi. Sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, yashil texnologiyalar va kreativ xizmatlar nafaqat rivojlangan davlatlarning, balki taraqqiyot yo‘lidagi mamlakatlarning ham strategik ustuvor yo‘nalishiga aylanmoqda. O‘zbekistonda bu sohalarni rivojlantirish nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki mamlakatning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. Joriy yilning 19 mart kuni Prezidentimiz va tadbirkorlar o‘rtasidagi uchrashuvda aynan shu yo‘nalishlarga e’tibor qaratilishi ta’kidlandi. Chunki ular yaqin kelajakda mamlakat iqtisodiyotini shakllantiruvchi asosiy drayverlardan biridir.

Misol uchun, ayni paytda “yashil iqtisodiyot” masalasi har bir mamlakat uchun dolzarb masalaga aylangan, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Zero, yashil iqtisodiyot bu iqtisodiy faoliyat va tabiatning hamohangligini ta’minlash, istiqbolda iqtisodiy o‘sish va ekologik barqarorlikka erishish uchun muhim yo‘nalishdir. Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda ham tabiiy resurslardan to‘g‘ri va samarali foydalanish, ekologik xavflarni kamaytirish, yashil energiya manbalariga sarmoya kiritish va axborot texnologiyalari orqali yashil innovatsiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

So‘nggi yillarda 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini bajarish maqsadida bir qator muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu chora-tadbirlar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida resurslarni tejash, “yashil” va “inklyuziv” iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan.

Birinchidan, 2030 yilgacha O‘zbekistonda “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish va “yashil o‘sish”ni ta’minlash – ushbu Dasturga muvofiq, issiqxona gazlari emissiyasini 2010 yil darajasidan 35 foizga kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ishlab chiqarish quvvatini 15 GVtga oshirish va elektr energiyasining 30 foizidan ko‘prog‘ini ulardan olish nazarda tutilgan.

Ikkinchidan, energiya samaradorligini oshirish – sanoatda energiya samaradorligini kamida 20 foizga oshirish, yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan energiya sarfi hajmini 30 foizga kamaytirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish maqsad qilinadi.

Uchinchidan, suv resurslarini tejash – 1 million gektargacha maydonda suv tejovchi sug‘orish texnologiyasini joriy qilish va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida suvdan samarali foydalanishni oshirish.

To‘rtinchidan, yashil maydonlar va ko‘chatlar – shaharlarda yashil maydonlarni 30 foizdan ortiqroqka kengaytirish, 200 million ko‘chat ekish va 1 milliarddan oshiq ko‘chatni yaratish orqali ekologik holatni yaxshilash.

Beshinchidan, qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash – bu sohadagi faoliyatni 65 foizga oshirish, shu bilan birga chiqindilarni qayta ishlash darajasini kengaytirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan.

Shuningdek, energetika va sanoat sohasida “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish konsepsiyasi hamda yo‘l xaritasi ishlab chiqildi, ular 2026 yilgacha energiya sig‘imini kamaytirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirishni nazarda tutadi.

Yashil iqtisodiyotga o‘tish qo‘shni sohalarda ham rivojlanishni rag‘batlantiradi. Texnikalar va yangilangan tizimlar bilan ishlab chiqarishni optimallashtirish, iqtisodiy faoliyatni va ishlab chiqarishni tezlashtiradi. Bu iqtisodiyotdagi umumiy o‘sishni ta’minlashga yordam beradi.

Umuman olganda, Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizning yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayoni faol qo‘llab-quvvatlanayotgani, bu borada zarur loyihalar amalga oshirilishi belgilangani tahsinga sazovordir. Zotan, ushbu jarayon mamlakatning ekologik barqarorligini ta’minlashga yordam berish bilan birga, ish o‘rinlarini yaratish, yangi investitsiyalar kiritish va jahon iqtisodiyotidagi ijobiy o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish