2025-yil 18-iyul kuni Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi, xususan, yuqumli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha qonun loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi. Majlisda qo‘mita a’zolari, mahalliy kengash komissiyalari raislari, soha ekspertlari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Muhokama qilingan hujjat “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi loyiha bo‘lib, unga ko‘ra bir nechta qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda. Xususan, OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish, xususiy bandlik agentliklari faoliyati va aholi bandligi to‘g‘risidagi qonunlarga tegishli qo‘shimchalar kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Loyihada chet elda uzluksiz to‘qson kun va undan ortiq yashab qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar, shuningdek, mamlakat hududida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, mehnat faoliyati uchun O‘zbekistonga kelayotgan va boshqa davlatlarda doimiy yashovchi xorijiy fuqarolar ham tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Bu chora yuqumli kasalliklarning mamlakatga kirib kelishining oldini olish, aholi salomatligini himoya qilish va mehnat migratsiyasi jarayonlarida ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan. Maqsad shuki, xavfli kasalliklar tarqalmasin va hech kimning sog‘lig‘i xavf ostida qolmasin.
Yig‘ilishda shuningdek, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish masalalari bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimida katta ishlar amalga oshirilmoqda: soha uchun ajratilayotgan mablag‘lar sezilarli darajada oshirilgan, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi yangilanmoqda va ilgari faqat poytaxtda bajarilgan murakkab operatsiyalar viloyatlarda ham amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, mavjud muammolar ham ko‘tarildi. Birlamchi tibbiyot muassasalarining dori-darmon va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlanishi yetarli emas, ayrim tibbiy jihozlar eskirgan, bepul tibbiy xizmatlar paketini amalga oshirishda shaffof va samarali nazorat mexanizmi hozirgacha to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan. Bu masalalar bo‘yicha mas’ul idoralar rahbarlaridan hisobotlar tinglandi va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Umuman olganda, qonun loyihasi aholi salomatligini himoya qilishga, yuqumli kasalliklarni aniqlash va ularning tarqalishini oldini olishga xizmat qiladi. Agar loyiha qabul qilinsa, tibbiy nazorat tizimi mustahkamlanadi va profilaktika ishlari samaraliroq olib boriladi. Bu esa sog‘lom jamiyatni shakllantirishga katta hissa qo‘shadi.