Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017 yildan buyon dekabr oyining har ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
Haqiqatan ham keyingi sakkiz yilda barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligi sohasi vakillarining mehnati munosib qadrlanib kelmoqda. O‘z navbatida, mazkur soha ham zamonaviy texnologiyalar asosida tobora rivojlanmoqda. Bularning barchasi mamlakat agrosanoat kompleksini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan islohotlar natijasidir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qishloq xo‘jaligi — bu faqat yer va suv resurslaridan foydalanish emas, balki iqtisodiyot, jamiyat va ekologiya chorrahasida joylashgan hayotiy strategik tizimdir. O‘zbekiston uchun esa u tarixan xalqning turmush tarzi, mehnat madaniyati va milliy iqtisodiy barqarorlik poydevorini tashkil qilib kelgan. Bugungi global raqobat sharoitida ushbu sohani zamonaviy talablarga mos ravishda transformatsiya qilish, yangi ishlab chiqarish madaniyatini shakllantirish va xalqaro bozorlarda munosib o‘rin egallash davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan Agrosanoatni rivojlantirish milliy strategiyasi (2020–2030) va unga muvofiq ishlab chiqilgan davlat dasturlari, qonun hujjatlari hamda amaliy tashabbuslar sohada tub burilish yaratishga xizmat qilmoqda. Bu islohotlar nafaqat iqtisodiy faollikni oshirish, balki qishloq joylardagi turmush sifati, oziq-ovqat xavfsizligi va ekologik muvozanatni ta’minlashga ham yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.
Amalga oshirilayotgan islohotlarning o‘zagida ilm va innovatsiya, shaffof boshqaruv, tadbirkorlik muhitini yaxshilash, eksportbop mahsulot yetishtirish va inklyuziv rivojlanish kabi tamoyillar yotadi. Bugun O‘zbekiston agrar siyosati ko‘lamidagi o‘zgarishlar nafaqat ichki ehtiyojlarni qondirish, balki xalqaro oziq-ovqat zanjirida ishonchli hamkor sifatida qatnashish maqsadini ham ko‘zda tutmoqda.
Mamlakatimizda agrar tarmoqning iqtisodiyot va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi o‘rni, ichki va tashqi bozorlar ehtiyojlari asosida rivojlanib boradigan an’anaviy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishidan zamonaviy va samarali agrobiznesga o‘tish qo‘llab-quvvatlanmoqda. Maqsad — qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini innovatsion rivojlantirish, yangi texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratishdir.
Shu ma’noda, davlatimiz rahbarining joriy yil noyabr oyida qabul qilingan “Agrar sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ushbu yo‘nalishdagi amaliy ishlarning mantiqiy davomi bo‘lish bilan birga, agrar siyosatda mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.
Ta’kidlash joizki, mazkur hujjat mohiyati va ahamiyatiga ko‘ra mamlakat agrar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan uchta ustuvor yo‘nalishni qamrab oladi.
Birinchisi, sohani qo‘llab-quvvatlash tizimini raqamlashtirish bilan bog‘liq. Sir emaski, agrar sohada hujjat aylanishining ko‘pligi, ko‘p bosqichli muvofiqlashtirish va inson omili ko‘plab muammolarni keltirib chiqarar edi. Farmonga ko‘ra, barcha jarayonlarni raqamlashtirish orqali mehnat va vaqt sarfi ikki barobarga kamayadi. Moliyaviy resurslar taqsimotida manzillilik va shaffoflik ta’minlanadi. Korrupsiya xatarlari keskin qisqaradi.
Ikkinchisi, qo‘llab-quvvatlash turlarini optimallashtirishga qaratilgan. Bugunga kelib subsidiya va grant turlarining haddan tashqari ko‘pligi ularni boshqarishni qiyinlashtirayotgan edi. Hujjatda belgilangan vazifalar ushbu qo‘llab-quvvatlash choralarini yagona standartga solish, samarasiz turlarini bekor qilish hamda 2028 yilga qadar ularning sonini 50 foizga qisqartirishni nazarda tutadi. Bu o‘zgarishlar byudjet mablag‘larini maqsadli yo‘naltirish va ularning mahsuldorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Uchinchi yo‘nalish esa ishlab chiqarish hajmini oshirishni ko‘zda tutadi. Xususan, 2030 yilga borib qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini 20 foizga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu nafaqat ichki talabni qondirish, balki eksportda raqobatbardoshlikni kuchaytirish imkonini beradi.
Soha taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiladigan yana bir muhim yangilik — Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Agrar sohada to‘lovlar agentligi tashkil etilishidir. Ushbu yangi institut agrar sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi. Ya’ni bu yo‘nalishda markazlashgan boshqaruv sari muhim qadam qo‘yildi.
Agentlik faoliyati ilmiy yondashuv asosida shakllantirilgan bo‘lib, davlat qo‘llab-quvvatlash choralarini yagona markaz orqali amalga oshirish, samaradorlik ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish va doimiy tahlil qilish, qo‘llab-quvvatlashning yangi turlarini joriy etish hamda samarasizlarini bekor qilish, shuningdek, ariza berishdan tortib to‘lovgacha bo‘lgan jarayonlarni 100 foiz raqamlashtirishni o‘z ichiga oladi. Bu model davlat qo‘llab-quvvatlashini tartibga solishda zamonaviy boshqaruv texnologiyalariga o‘tish demakdir.
Xulosa qilib aytganda, dunyo miqyosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talab ortib borayotgan, oziq-ovqat xavfsizligi hayotiy ahamiyat kasb etayotgan bir sharoitda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar strategik ahamiyatga ega. Prezidentimiz rahbarligida sohani zamon talablariga mos isloh qilish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish hamda agrobiznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar qishloq xo‘jaligining barqaror va innovatsion rivojiga mustahkam zamin yaratmoqda.
Buning natijasida yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligi kafolatlanib, ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash imkoniyatlari kengaymoqda. Eng asosiysi, qishloq xo‘jaligi xodimlari — fermerlar, dehqonlar, agronomlar va mexanizatorlar, umuman olganda soha mehnatkashlarining nufuzi tobora ortib bormoqda.