Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulug‘dir. Prezidentimiz tomonidan keyingi yillarda el-yurtimiz taqdiriga daxldor tarixiy adolatni tiklash, ajdodlarimizning ezgu ishlari, ularning jasoratini ulug‘lash va abadiylashtirish, mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlashga yuksak e’tibor qaratilmoqda. Buni barchamiz ko‘rib, jonli guvohi bo‘lib turibmiz.
Ayniqsa, keyingi yillarda mamlakatimizda tarixiy xotirani asrash, urush va mehnat fronti qatnashchilari, millat ozodligi yo‘lida kurashgan jasur insonlar xotirasini abadiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar xalqimiz ma’naviy hayotida mustahkam o‘rin egallamoqda. Bu borada poytaxtimizda bunyod etilgan G‘alaba bog‘i hamda uning tarkibidagi “Xotira nuri” va “Millat fidoyilari” yodgorlik komplekslari alohida o‘rin tutadi. Mazkur majmualar nafaqat tarixiy yodgorlik, balki xalqimizning matonati, jasorati va vatanparvarlik ruhini o‘zida mujassam etgan muqaddas ma’naviy maskan sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Bugun ushbu qutlug‘ qadamjolarga tashrif buyurayotgan har bir inson o‘tmish saboqlarini teran his etadi, yurt tinchligi va mustaqillikning naqadar ulug‘ ne’mat ekanini anglaydi. Ayniqsa, yosh avlod uchun bu maskanlar haqiqiy hayot maktabi vazifasini o‘tab, ularni milliy qadriyatlarga hurmat, Vatan taqdiriga daxldorlik va ajdodlar merosiga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Shu ma’noda, G‘alaba bog‘i va undagi yodgorlik majmualari xalq xotirasi va milliy g‘ururi timsoli sifatida tobora tabarruk va qadrli ziyoratgohga aylanib bormoqda.
Haqiqatan ham keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning sog‘lom va mazmunli hayot kechirishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, joriy yilda davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 30 million so‘m miqdorida pul mukofotlari berildi. Qolaversa, urush qatnashchilari va nogironlari, mehnat faxriylarining salomatligini muhofaza qilish, ularni sanatoriylar va dam olish maskanlariga bepul hamda imtiyozli asosda yuborish bo‘yicha samarali tizim faoliyat ko‘rsatmoqda.
Davlatimiz rahbari shu yilning 8-may kuni Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini ziyorat qilib, bayram bilan tabriklagani yuksak e’tiborning yana bir amaliy namunasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Prezidentimiz Qurolli Kuchlar Bosh harbiy klinik gospitalida Akmal ota Akramov, Vera Juravskaya, Hasanboy ota Xalmatov va Vladimir Alekseykov bilan dildan suhbatlashdi. Nuroniylarning hol-ahvoli va salomatligi bilan qiziqdi. Ularning mashaqqatli hayot yo‘li hamda ko‘rsatgan jasoratlarini alohida e’tirof etdi.
Yurtboshimizning faxriylar bilan bo‘lgan samimiy muloqotida e’tibor berish kerak bo‘lgan muhim jihat shundaki, bu nuroniylar hayoti va jasorati mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida shunchaki tarixiy sana sifatida emas, balki millat ma’naviyatining tirik timsoli sifatida qadrlanmoqda. Chunki Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bugungi osuda hayotimiz uchun og‘ir va sinovli davrlarni boshidan kechirgan.
Shu bois ular bilan bo‘layotgan har bir uchrashuv, aytilgan har bir iliq so‘z va ko‘rsatilayotgan e’tibor ortida chuqur ma’no mujassam. Ya’ni bugungi yorug‘ kunlar, bebaho tinchlik va osoyishtalik o‘z-o‘zidan kelmaganini, farovon hayot ortida qanchadan-qancha insonlarning taqdiri, jasorati va mashaqqatli mehnati turganini anglatadi. Bu esa Yangi O‘zbekistonda “inson qadri” degan hayotiy tamoyil tobora chuqur qaror topayotganini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
Bunday e’tibor va e’zoz keksa avlod vakillariga ma’naviy kuch bag‘ishlasa, yoshlar uchun Vatanga sadoqat, burch va matonat maktabi bo‘lib xizmat qiladi. Zero, davlat rahbari ta’kidlaganidek: “Sizlar tarixning jonli guvohi, matonat timsolisizlar. Sizdek tabarruk insonlar bilan uchrashish, o‘gitlaringizni tinglash bizga katta ma’naviy kuch bag‘ishlaydi. Xalqimiz sizlar bilan haqli ravishda faxrlanadi. Bugungi tinch va ozod kunlar, avlodlarning baxtiyor istiqboli sizlarning mislsiz fidokorligingiz mahsulidir. Sizlarning ibratli hayot yo‘lingiz yoshlarimiz uchun haqiqiy matonat maktabidir.”
Bir so‘z bilan aytganda, g‘olib va muzaffar ota-bobolarimizning Vatan ozodligi, yurt tinchligi va xalq osoyishtaligini asrash yo‘lida ko‘rsatgan beqiyos jasorati hamda fidokorona xizmatlarini chuqur o‘rganish, ularning ibratli hayot yo‘li va ma’naviy merosini keng targ‘ib etish davlatimiz va jamiyatimiz oldida turgan eng muhim ma’naviy vazifalardan biri bo‘lib qoladi. Zero, millatning tarixi, uning shonli o‘tmishi va ozodlik yo‘lida qurbon bo‘lgan ajdodlar xotirasi qanchalik ulug‘lansa, xalqimizda ham milliy g‘urur va fidoyilik tuyg‘ulari shunchalik mustahkam bo‘ladi.