“Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasiga start berildi

28.11.2025 15:00
2080

28-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro forum ochilishida ishtirok etdi. Tadbirdan avval davlatimiz rahbari yoshlarga tegishli innovatsion loyihalar va startaplar bilan tanishdi, iqtidorli yoshlar bilan muloqotda axborot texnologiyalari sohasining mamlakat barqaror rivoji va raqobatbardoshligidagi strategik ahamiyatini ta’kidladi.

Prezident startap va texnologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ishlanmalarni milliy va xalqaro bozorga olib chiqish bo‘yicha vazifalarni belgiladi. Shu bilan birga, sun’iy intellektni ta’lim, iqtisodiyot va davlat boshqaruviga keng tatbiq etish, yoshlarni sohaga jalb qilish bo‘yicha aniq rejalar e’lon qilindi.

Forum doirasida “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasiga start berildi. Loyihaga ko‘ra, 2030-yilgacha 4,75 million maktab o‘quvchilari, 150 ming o‘qituvchi va 100 ming davlat xizmatchisi sun’iy intellekt bo‘yicha tayyorlanadi. Shu bilan birga, respublika maktablarida eng yaxshi startap g‘oyalari bo‘yicha tanlovlar o‘tkaziladi va hududlarda zamonaviy SI laboratoriyalari tashkil etiladi.

Prezident sun’iy intellekt texnologiyalari tibbiyot, iqtisodiyot va davlat xizmatlarini takomillashtirishga katta hissa qo‘shayotganini, raqamli diagnostika tizimlari orqali bemorlarga aniq tashxis qo‘yish va xizmat sifatini oshirish imkoniyati yaratganini ta’kidladi.

Shuningdek, forumda davlatimiz rahbari shaxmat bo‘yicha Jahon kubogida g‘alaba qozongan iqtidorli yosh Javohir Sindorovga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” unvonini tantanali topshirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev har yili noyabr oyini “Yoshlar uchun sun’iy intellekt oyligi” deb e’lon qilish va “Ipak yo‘li sun’iy intellekt forumi”ni tashkil etish taklifini bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish