25-noyabr kuni Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Uchrashuvda viloyatning so‘nggi yillardagi yutuqlari, investitsiya va sanoat o‘sishi, turizm salohiyatining kengaygani ta’kidlandi.
Samarqand turizm, biznes, xizmat ko‘rsatish va sanoat bo‘yicha yetakchi hududga aylangani, bu borada 12 milliard dollarlik investitsiya jalb qilingani, 600 mingta ish o‘rni yaratilgani, xalqaro tadbirlar soni keskin oshgani qayd etildi.
Urgut tumanida temir yo‘l liniyasi ishga tushgani, sanoat va servis hajmining oshayotgani, shuningdek, tuman markazida 100 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy ekoshahar qurilishi e’lon qilindi.
Samarqand shahriga qo‘shiladigan 17,5 ming gektar hudud hisobiga aholi soni sezilarli oshishi, ehtiyojdan kelib chiqib 3 ta yirik uy-joy massivi: “Shirin”, “Temir yo‘lorti” va “Qorasuv-2”da zamonaviy turar joylar va infratuzilma barpo etilishi belgilandi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqilib, Adiz Boboyev Samarqand viloyati hokimi etib tasdiqlandi. Prezident uning oldiga yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, investitsiyalarni ko‘paytirish va energiya tejamkorligini oshirish kabi ustuvor vazifalarni qo‘ydi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddilarning rejasi va hisobotlari tinglandi.