Prezident Olimpiadasiga start berildi

26.11.2025 22:00
3069

26-noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Olimpiya shaharchasida Prezident Olimpiadasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Tadbirda hududiy saralashlardan muvaffaqiyatli o‘tgan yosh sportchilar, jahon va Olimpiya chempionlari qatnashdi.

Davlat rahbari nutqida Prezident Olimpiadasi orqali eng iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni terma jamoalarga yo‘naltirish tizimi yo‘lga qo‘yilgani, bu musobaqaning kelajakda yirik xalqaro sport tadbirlariga tayyorgarlikda muhim rol o‘ynashi ta’kidlandi.

So‘nggi sakkiz yilda sport infratuzilmasi sezilarli kengaytirildi: yillik mablag‘ 250 milliard so‘mdan 3 trillion so‘mga yetdi, 250 dan ziyod yangi sport obyektlari qurildi, 14 ta Olimpiya va Paralimpiya markazlari zamonaviy jihozlandi. Parasportchilar soni so‘nggi uch yilda yetti baravar oshdi.

Musobaqaning tuman va viloyat bosqichlarida 100 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi, eng yuqori natijaga erishgan 3 mingdan ortiq sportchilar Prezident Olimpiadasiga yetib keldi. G‘oliblar maxsus sovrinlar va stipendiyalar bilan taqdirlanadi, Olimpiya va Paralimpiya markazlariga qabul qilinadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmatchi Javohir Sindarovni Jahon kubogida erishgan g‘alabasi bilan tabrikladi. Tadbir madaniy dastur bilan davom etdi, Olimpiya mash’alasi yoqildi va Prezident Olimpiadasi rasmiy start oldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish