Prezident: Har bir qaror va xizmat faqat inson manfaatiga xizmat qilishi lozim

28.11.2025 14:00
1044

28-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida byurokratiyani bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum ochilishida ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston va BAA hukumatlari vakillari, xorijiy ekspertlar va jamoatchilik faollari qatnashdi.

Davlatimiz rahbari nutqida Yangi O‘zbekistonni barpo etishda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili ustuvor ekanini ta’kidladi. So‘nggi yillarda davlat xizmatlarini raqamlashtirish va soddalashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani qayd etildi: xizmatlar soni 1 040 taga yetkazildi, 55 milliondan ziyod xizmat ko‘rsatildi, 30 turdagi xizmatlar real vaqt rejimida taqdim etilmoqda.

Prezident byurokratiyani kamaytirish bo‘yicha yangi dastur tasdiqlanganini ma’lum qildi. Dastur doirasida davlat xizmatlari soni 1,5 mingtaga yetkaziladi, elektron xizmatlar ulushi 95 foizga oshadi, “Qog‘ozsiz hukumat” tizimi joriy etiladi va proaktiv xizmatlarning soni 400 taga yetkaziladi. Shu bilan birga, byurokratiyani bartaraf etish uchun aholi va biznes vakillari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.

– Byurokratiyani bartaraf etish – davlatning xalqqa xizmat qilishga qaratilgan ustuvor vazifasidir. Har bir qaror, har bir xizmat, har bir jarayon faqat inson manfaatiga xizmat qilishi zarur, – dedi Prezident.

Forum davomida Shavkat Mirziyoyev dastur ishga tushirilishini ramziy tugma bosish orqali amalga oshirdi va jamoatchilik vakillari bilan suhbatlashdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish