Butunjahon kulgi kuni munosabati bilan an’anaviy “Nasriddin Afandi” va “Sharq taomlari” festivallari bo‘lib o‘tadi

01.04.2026 09:59
1238

Buxoro yana bir bor milliy ruh, hazil-mutoyiba va gastronomiya uyg‘unlashgan bayram maskaniga aylanmoqda.

1-aprel - Butunjahon kulgi kuni munosabati bilan qadimiy shaharda an’anaviy “Nasriddin Afandi” va “Sharq taomlari” festivallari bo‘lib o‘tadi. Tadbirlar shaharning tarixiy maskanlarida tashkil etilib, mehmonlar va aholi uchun boy bayram dasturi taqdim etiladi. 

“Nasriddin Afandi” festivali Nodir Devonbegi madrasasi yaqinida, mashhur qahramon haykali atrofida o‘tkaziladi. Dasturdan qisqa hajviy va satirik chiqishlar, xalqona hazillar hamda Xo‘ja Nasriddin obrazi bilan bog‘liq rivoyatlar o‘rin olgan. 

“Sharq taomlari” festivali esa Somoniylar bog‘i kirish qismidagi hovuz oldi maydonida bo‘lib o‘tadi. Unda o‘zbek milliy taomlari va shirinliklarining turli namunalari namoyish etilib, tashrif buyuruvchilar uchun haqiqiy sharqona ta’m va muhit yaratiladi. 

Bunday festivallar nafaqat madaniy merosimizni targ‘ib qiladi, balki Buxoroning sayyohlik salohiyatini, milliy qadriyatlarimizni va xalqona bayramona ruhni yanada yorqin namoyon etadi.

Ma’lumot uchun: “Nasriddin Afandi” festivali Buxoroda 2019-yildan buyon, “Sharq taomlari” festivali esa ushbu tadbir bilan birga 2022-yildan buyon an’anaviy tarzda tashkil etilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish