Doniyolbiy Otaliq

08.06.2026 08:23
1875

XVIII asrning ikkinchi yarmida Buxoro davlatida siyosiy vaziyat murakkabligicha qolayotgan bir davrda Doniyolbiy Otaliq tarix sahnasida muhim rol o‘ynadi. Mang‘itlar sulolasining nufuzli vakillaridan biri bo‘lgan Doniyolbiy ibn Xudoyorbiy 1758–1785-yillar davomida Buxoro davlatining amaldagi hukmdori sifatida mamlakat boshqaruvini olib bordi. U rasmiy ravishda xon unvonini qabul qilmagan bo‘lsa-da, otaliq sifatida davlatdagi eng katta siyosiy hokimiyatni o‘z qo‘lida jamlagan.

Tarixiy manbalarga ko‘ra, Doniyolbiy Muhammad Rahimbiyning amakisi bo‘lgan. 1758-yil 24-martda Mang‘itlar sulolasining asoschisi Muhammad Rahimbiy vafot etgach, uning o‘g‘li bo‘lmagani sababli taxtga voyaga yetmagan nabirasi Fazilto‘ra o‘tqaziladi. Doniyolbiy esa unga otaliq etib tayinlanadi va davlatning amaldagi boshqaruvi uning qo‘liga o‘tadi.

Biroq bu qaror viloyat hokimlari hamda yirik qabila boshliqlarining noroziligiga sabab bo‘ladi. Kenagas, yuz, bahorin, burhut va saroy qabilalari amirlari markazlashgan hokimiyatga qarshi bosh ko‘tarib, katta qo‘shin bilan Buxoroga yurish qiladilar. Doniyolbiy vaziyatni harbiy kuch bilan emas, muzokara yo‘li bilan bartaraf etishga muvaffaq bo‘ladi. Natijada Fazilto‘ra taxtdan tushirilib, Ashtarxoniylar sulolasidan bo‘lgan Abulg‘ozi xon taxtga o‘tqaziladi. Shunga qaramay, Doniyolbiy ham otaliq mansabini, ham haqiqiy hukmdorlikni o‘z qo‘lida saqlab qoladi.

Doniyolbiy hukmronligi davrida Buxoro davlatida markazlashuv Muhammad Rahimbiy davridagiga qaraganda ancha zaiflashgan edi. Karmana, O‘ratepa, Nurota, Sherobod, Boysun va boshqa hududlarda mahalliy kuchlar markaziy hokimiyatdan mustaqil harakat qilishga urinib, tez-tez bosh ko‘tarib turganlar. Shu sababli mamlakatda siyosiy beqarorlik va ichki kurashlar davom etgan.

1781-yilda Rossiya hukumati Buxoro bilan savdo bitimi tuzishni taklif qilganida, Doniyolbiy bu shartnomani 92 o‘zbek qabilasi boshliqlarining roziligisiz imzolay olmasligini bildirgan. Bu holat o‘sha davrda markaziy hokimiyatning qanchalik cheklanganligini yaqqol ko‘rsatadi.

Qo‘shin ta'minoti uchun joriy etilgan qo‘shimcha soliqlar esa Buxoro shahri hunarmandlari va savdogarlari orasida norozilikni kuchaytirgan. Natijada 1784-yilda Buxoroda yirik qo‘zg‘olon yuz berib, unda mingga yaqin kishi halok bo‘lgan. Voqealardan so‘ng Doniyolbiy hokimiyatni xalq orasida katta obro‘ qozongan o‘g‘li Shohmurodga topshirishga majbur bo‘ladi.

Mang‘it tarixchisi Muhammad Yoqubning yozishicha, Doniyolbiy saxiy va muruvvatli hukmdor sifatida mashhur bo‘lgan. U davlat moliyasi bilan ko‘p shug‘ullanmagan bo‘lsa-da, muhim masalalarni tajribali va bilimdon kishilar bilan maslahatlashib hal qilgan. Shuningdek, u umrining oxirigacha xon unvonini qabul qilmay, otaliq unvoni bilan kifoyalangan.

Doniyolbiy davrida me'morchilik ishlari ham davom etgan. Jumladan, 1777-yilda masjid, madrasa, sardoba va maqbaradan iborat bo‘lgan "Xalifa Xudoydod" majmuasi qurilishi boshlangan.

1785-yilda Doniyolbiy vafot etadi. Tarixiy manbalarda uning vafot sababi aniq ko‘rsatilmagan. Uning o‘rniga o‘g‘li Shohmurod hokimiyat tepasiga kelib, Buxoro davlatini markazlashtirish va mustahkamlash siyosatini davom ettiradi. Shu tariqa Doniyolbiy Mang‘itlar sulolasi tarixida hokimiyat davomiyligini ta'minlagan va Shohmurod davridagi yuksalish uchun zamin yaratgan davlat arbobi sifatida tarixda qolgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish