“Gender tenglik faoli” milliy tanlovi Respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi

16.01.2025 18:00
140

2025-yil 16-yanvar kuni Oliy Majlis Senatida "Gender tenglik faoli" milliy tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Senat raisi Tanzila Narbayeva ochib berdi.

Ushbu tanlov Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglikni ta’minlash va oila masalalariga e’tiborni kuchaytirish maqsadida har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinmoqda. Joriy yilda tanlovda ishtirok etish uchun 934 ta tashkilot va muassasa hujjat topshirdi. Ular tanlov komissiyasi tomonidan nizom talablari asosida baholanib, 10 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi:

- Gender tenglikni ta’minlashda eng faol respublika darajasidagi davlat organi – O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi.
- Gender tenglikni ta’minlashda eng faol hududiy davlat organi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi.
- Gender tenglikni ta’minlashda eng faol tuman davlat organi – "Ammofos-Maxam" AJ.
- Gender tenglikni ta’minlashda eng faol hududiy hokimlik – Xorazm viloyati hokimligi.
- Gender tenglikni ta’minlashda eng faol tuman hokimligi – Sharof Rashidov tuman hokimligi.
- Gender tenglikni ta’minlashda eng faol nodavlat notijorat tashkiloti (NNT) – O‘zbekiston Milliy media birlashmasi hamda "Zakovat" intellektual klubi NNT.
- Gender tenglikni ta’minlashda eng faol tadbirkorlik subyekti – "Akbarjon Barakat" MChJ.
- Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan eng yaxshi televideniye dasturi – "Adolat" milliy huquqiy axborot markazi tomonidan tayyorlangan "Yuridik klinika" ko‘rsatuvi.
- Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan internetdagi eng yaxshi veb-sayt yoki portal – "Oyina.uz" ma’naviy-ma’rifiy portali.
- Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan eng yaxshi nashr – "Yangi Sirdaryo" gazetasi.

Tanlov g‘oliblari esdalik sovg‘alari va diplomlar bilan taqdirlandi.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini to‘liq ta’minlash masalalari yangi tahrirdagi Konstitutsiya, "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi va Gender tenglikka erishish strategiyasi kabi konseptual hujjatlarda o‘z aksini topgan. Jahon banki indeksida O‘zbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etildi. Ochiq gender ma’lumotlar indeksida eng yaxshi 20 ta davlat qatoridan joy oldi. Gender tenglik va boshqaruv indeksida esa 103-o‘rindan 51 pog‘onaga ko‘tarilib, 52-o‘rinni egalladi.

"Gender tenglik faoli" milliy tanlovi orqali har bir tashkilotda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan siyosatni shakllantirish, ilg‘or tajribalarni aniqlash va ommalashtirish hamda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish