Islom sivilizatsiyasi markazi — xalqimiz ma’naviy merosining durdonasi

21.10.2025 10:54
726

Toshkent shahrining markazida qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazi — bu nafaqat muhtasham inshoot, balki o‘zbek xalqining boy tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosini dunyoga keng tanituvchi maskan hisoblanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-oktyabr kuni Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, bu yerdagi ekspozitsiyalar orqali xalqimizning boy tarixiy va ma’naviy merosini keng namoyish etishga qaratilgan ishlar bilan tanishdi.

Mazkur ulkan loyiha Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 23-iyundagi qarori asosida boshlangan. Oradan bir yil o‘tib, 2018-yil Ramazon hayiti kuni markaz poydevoriga tamal toshi qo‘yildi. Shu vaqtdan boshlab keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.


Markaz qadimiy me’moriy an’analar va milliy bezaklar uyg‘unligida bunyod etilgan. To‘rt tomonida 34 metrli peshtoqlar, markazida esa 65 metr balandlikdagi milliy uslubdagi gumbaz joylashgan.

 

Markazning markaziy qismida joylashgan Qur’oni karim zalida musulmon olamining eng qadimiy nusxalaridan biri — Usmon Mus’hafi namoyish etiladi.
Bundan tashqari, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, temuriylar davriga oid Qur’on nusxalari, ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari va dunyodagi eng nodir qo‘lyozmalardan namunalar ham joy olgan.

 

Markazda “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans”, “O‘zbekiston XX asrda” va “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” kabi bo‘limlar tashkil etilgan.


Bu bo‘limlarda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi ulug‘ allomalar merosi keng yoritilgan.
Shuningdek, Bibixonim, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar Otin kabi ma’naviyat homiylari faoliyatiga ham alohida o‘rin ajratilgan.

Markaz tarkibida 460 o‘rinli anjumanlar zali mavjud bo‘lib, unda xalqaro uchrashuvlar va ilmiy konferensiyalar o‘tkazish uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan.
Chet elda saqlanayotgan ko‘plab tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar va ashyolar ham Vatanimizga qaytarilgan.

Islom sivilizatsiyasi markazi — bu o‘tgan ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosini saqlash, o‘rganish va yosh avlodga yetkazish uchun bunyod etilgan ulug‘ ma’rifat maskanidir.

Bu yerga tashrif buyurish — nafaqat tarixni, balki milliy o‘zligimizni chuqurroq his etishdir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish