O‘zbekiston Respublikasi ASIA Records xalqaro tashkiloti tomonidan Osiyoda YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan eng ko‘p islomiy tarixiy shaharlarga ega mamlakat sifatida rassman e’tirof etildi. Bu yutuq mamlakatimizning boy madaniy merosi va islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni yana bir bor xalqaro miqyosda tan olinishini anglatadi.
Taqdirlash marosimi 2026-yil 27-yanvarda Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi vakillari va mamlakatning Malayziyadagi elchixonasi hamda diplomatik korpus a’zolari ishtirok etdi.
ASIA Records ta’kidlashicha, quyidagi shaharlar UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan islomiy tarixiy shaharlar sifatida qayd etilgan:
Samarqand – qadimiy ilm, savdo va madaniyat markazi, buyuk Registon kompleksi bilan mashhur.
Buxoro – qadimiy shahar, markaziy Osiyoning madaniy va ilmiy poytaxti bo‘lib, uning tarixiy markazi butun dunyoga ma’lum.
Xiva – “ochiq osmon osti muzeyi” sifatida tanilgan.
Shahrisabz – buyuk Amir Temur tug‘ilgan shahar, uning tarixiy merosi bilan ajralib turadi.
Xalqaro tashkilot tomonidan berilgan ushbu e’tirof O‘zbekiston tarixiy merosining jahon miqyosida naqadar muhim ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu yutuq mamlakatimizda olib borilayotgan madaniy merosni muhofaza qilish, tarixiy obidalarni saqlash va ularni kelajak avlodlarga yetkazish borasidagi ishlarning samarasidir.