O‘zbekistonda ilk bor Tashkent Design Week - dizayn haftaligi o‘tkaziladi

05.12.2025 11:00
2045

O‘zbekiston poytaxti Toshkent 2025-yil 8–14-dekabr kunlari ilk marotaba Tashkent Design Week — dizayn, me’morchilik, shaharsozlik va ijodiy sanoat sohalariga bag‘ishlangan yirik xalqaro tadbirga mezbonlik qiladi. Ushbu haftalik mamlakatda dizayn sohasining global maydonga chiqishi, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda yaratuvchan mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar ochishi bilan ahamiyatlidir.

 

Tadbirning asosiy maqsadi va konsepsiyasi

 

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, mazkur tashabbus O‘zbekistonni butunjahon dizayn haftaliklari - London Design Festival, Milan Design Week, Dubai Design Week kabi global ro‘yxatga qo‘shish, shuningdek, mamlakatda professional dizayn makonini shakllantirishga xizmat qiladi.

 

Loyiha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston dizaynerlari jamoasi, Tashkent City Mall va Yevropaning yetakchi interyer brendlari operatori Premium Concept hamkorligida amalga oshirilmoqda. 

 

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ijodiy iqtisodiyot va dizayn sohasi jadal rivojlanmoqda. Yirik qurilish loyihalari, shahar markazlarining yangilanishi, zamonaviy interyer va mebel bozorining kengayishi professionallar uchun katta talab va imkoniyat yaratmoqda. Tashkent Design Week ushbu jarayonni yanada jadallashtirishi, O‘zbekistonni mintaqadagi dizayn markazlaridan biriga aylantirishi kutilmoqda.

 

Haftalik quyidagi natijalarga xizmat qiladi:

  • - mahalliy dizaynerlar uchun global bozorga chiqish imkoniyati;

  • - yangi brendlar, texnologiyalar va materiallar taqdimoti;

  • - O‘zbekiston dizayn maktabining shakllanishiga turtki;

  • - xalqaro ekspertlar ishtirokida tajriba almashinuvi;

  • - yosh mutaxassislar uchun rivojlanish platformasi.

 

Tashkent Design Week doirasida Yevropa, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya va MDH davlatlaridan me’morlar, interyer dizayni bo‘yicha yetakchi studiyalar, mebel va dekor brendlari, ijodiy agentliklar, startaplar, talabalar va yosh dizaynerlar qatnashishi kutilmoqda. Shuningdek, mashhur xalqaro me’morlar va dizaynerlar mahorat darslari o‘tkazishi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

 

Tashkent Design Week - O‘zbekiston dizayn industriyasida muhim burilish qilishi mumkin bo‘lgan tarixiy loyiha. Mazkur haftalik Toshkentni global ijodiy xarita markaziga aylantirish, mahalliy mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar yaratish va mamlakatning zamonaviy imijini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbir 2025-yilning eng yirik ijodiy voqealaridan biri bo‘lishi shubhasiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish