Atoqli o‘zbek hofizi, xalqimizning ardoqli farzandi Tavakkal Qodirov tavalludining 100 yilligini nishonlash YUNESKOning 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan xalqaro yubileylar ro‘yxatiga rasman kiritildi.
Bu qaror YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida, Samarqand shahrida qabul qilinib, O‘zbekistonning Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya va Turkmaniston tomonidan qo‘llab-quvvatlangan taklifi asosida ma’qullandi.
Tavakkal Qodirov - o‘zbek qo‘shiqchilik san’atini yuksak pog‘onaga ko‘targan, yuzdan ortiq qo‘shiqlari milliy san’atimizning oltin xazinasidan joy olgan betakror iste’dod sohibidir. U nafaqat o‘zbek, balki eron, hind, ozarbayjon, uyg‘ur, arab va boshqa xalqlar tillarida ijod qilib, xalqimiz madaniyatini jahonga tarannum etdi.
YUNESKOning mazkur qarori - Tavakkal Qodirovning musiqa va madaniyat rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasiga berilgan yuksak xalqaro bahodir.
2026-2027 yillarda ushbu yubiley doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar orqali nafaqat ulug‘ san’atkorning boy ijodiy merosi, balki o‘zbek xalqining betakror madaniyati ham jahon maydonida yanada keng targ‘ib etiladi.