Inson uchun kindik qoni tomgan vatan, uni dunyoga keltirib voyaga yetkazgan ota-onasi qanchalik aziz bo‘lsa, xuddi shuningdek ona tili ham shunchalik qadrli. Zero, inson qalbidagi barcha olijanob fazilatlar, avvalo, ona tilining betakror mo‘’jizasi, sehri va jozibasi orqali kamolga yetadi.
Ona tilimiz dunyodagi eng qadimiy, go‘zal va boy tillardan biri bo‘lib, uning beqiyos imkoniyatlarini xalqimizning asrlar sinovidan o‘tgan maqol va hikmatlari, betakror iboralari hamda dostonlarida ko‘rish mumkin.
Agar tarixga nazar tashlasak, O‘zbekxon saroyida ham davlat tili o‘zbek tili bo‘lgan. Saroyda bo‘lgan arab sayyohi Ibn Battuta u yerda faqat o‘zbekcha (turkiycha) so‘zlarni eshitganini yozib qoldirgan. O‘zbek tilining shon-shuhratini asrlar davomida sayyohlar, podshohlar, shoirlar, tarixchilar va faylasuflar bizga qoldirgan asarlardan ham bilish qiyin emas.
Ona tilimizga 1989 yil 21 oktyabrda davlat tili maqomi berildi. “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi o‘zbek tilining muhofazasini ta’minladi. Natijada hayotimizning barcha sohalarida tilimiz keng qo‘llanila boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Shu tariqa o‘zbek tili davlatimizning bayrog‘i, gerbi va madhiyasi kabi qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramzlari qatorida e’zoz va ehtiromga sazovor bo‘ldi.
Keyingi yillarda yurtimizda davlat tilining ijtimoiy hayotdagi mavqeini yanada mustahkamlash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Prezidentimizning 2019 yil 21 oktyabrdagi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Bu tuzilma bugun davlat tili haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilib, sohadagi muammolarni tahlil etadi va yagona davlat siyosatini amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, barcha vazirlik va idoralarda ish yuritish lotin alifbosida yo‘lga qo‘yildi. Bu esa, o‘z navbatida, milliy o‘zligimiz timsoli va ma’naviyatimiz asosi bo‘lgan ona tilimizga e’tiborni yanada kuchaytirdi.
Shuningdek, so‘nggi yillarda “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “Alisher Navoiy qomusi”, “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”, “Falsafa” qomusiy lug‘ati, “O‘zbekiston yuridik ensiklopediyasi”, “Islom ensiklopediyasi”, “Ma’naviyat: asosiy tushunchalar lug‘ati”, “Pedagogika: ensiklopediya”, “Tarix atamalari lug‘ati”, “Adabiyotshunoslik lug‘ati”, “Yuridik atamalar lug‘ati” kabi 40 dan ortiq fundamental nashrlar chop etilmoqda.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlari o‘zbek adabiy tili me’yorlari hamda imlo qoidalari bo‘yicha muntazam o‘qitilmoqda. Universitetda tashkil etilgan “O‘zbek maktabi”da esa yuzlab xorijlik fuqarolar ona tilimiz va milliy madaniyatimiz asoslarini katta qiziqish bilan o‘rganmoqda.
Poytaxtimiz markazidagi Milliy bog‘ hududida Adiblar xiyoboni bunyod etilgani, bu go‘zal maskanda barpo etilgan yodgorlik majmualari adabiyotimizning buyuk namoyandalari, o‘zbek tilining chinakam jonkuyarlari xotirasiga bag‘ishlangani ham e’tiborga loyiqdir. Shuningdek, yurtimizda atoqli shoir va yozuvchilarimiz nomidagi ijod maktablarining tashkil etilgani ham ona tilimizni ulug‘lash, uning boy xazinasi va go‘zalligini yosh avlodga yetkazishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-, 78- va yubiley 80-sessiyalarida o‘zbek tilida nutq so‘zlagani ham yurtdoshlarimizga g‘urur va faxr bag‘ishladi. Bugun dunyodagi 6 912 ta tilning atigi 200 tasi davlat yoki rasmiy til maqomiga ega bo‘lsa, ular orasida ona tilimizning borligi qalbimizni faxr va iftixorga to‘ldiradi.
Ayniqsa, yurtimizda va xalqaro maydonlarda ona tilimizda yangrayotgan Davlat madhiyasi qalblarimizda Vatan tuyg‘usini jo‘sh urdiradi. Shu ma’noda, ona tilimiz o‘tgan yillar davomida mamlakatimizdagi yuzdan ortiq millat va elat vakillarini o‘zaro bog‘laydigan mehr-oqibat tiliga aylanganini faxr bilan ayta olamiz.
Bir so‘z bilan aytganda, til – millatning bebaho, ulkan boyligi bo‘lish bilan birga, har bir inson madaniyatining ko‘zgusidir. Shu bois, har birimiz millatimizning yuragi, ruhi, tom ma’noda joni bo‘lgan ona tilimizni asrab-avaylashimiz, e’zozlashimiz lozim. Buni esa, eng avvalo, oilamizdan, mahallamizdan, shahrimizdan boshlashimiz maqsadga muvofiqdir.