O‘zaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim platforma

Markaziy Osiyo mintaqasi Osiyo va Yevropani bog‘lab turuvchi muhim strategik hudud sifatida doim jahon hamjamiyati e’tibor markazida turadi. O‘zbekiston esa mintaqaning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayoti yaxshilanishiga katta hissa qo‘shayotgan, eng ko‘p aholiga ega, savdo-iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishda tashabbuskor va jonkuyar davlatlardan biridir.

Bugungi kunga kelib mintaqa davlatlari bilan hamkorlik butunlay yangi bosqichga chiqib, o‘zaro manfaatli aloqalar kengaymoqda. Yaxshi qo‘shnichilik siyosatining kuchayishida O‘zbekistonning oqilona tashqi siyosati katta ahamiyat kasb etmoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ochiq, amaliy va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan faol tashqi siyosat Prezidentimizning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylandi. Ilk rasmiy tashriflarning aynan mintaqa mamlakatlariga amalga oshirilgani bunga yaqqol misoldir. Natijada mintaqada yangi, ochiq, sog‘lom va do‘stona siyosiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar muhit shakllandi.

Qo‘shni mamlakatlar bilan chegaralarning ochilishi, iqtisodiy, savdo-ayirboshlash, madaniy-ma’rifiy va boshqa sohalarda hamkorlik xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash barobarida umumiy iqtisodiy o‘sishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ya’ni, munosabatlar nafaqat iqtisodiy manfaatdorlik, balki o‘zaro ishonch, do‘stlik va yakdillikka asoslanmoqda. Mintaqa davlatlari umumiy muammolarni birgalikda hal etish va bir-birini qo‘llab-quvvatlash orqali yanada rivojlanishga intilmoqda. Bu jarayonlarda O‘zbekistonning o‘rni va hissasi tobora mustahkamlanib bormoqda.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti etib saylangandan so‘ng mintaqa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar dinamikasi tubdan o‘zgardi. Siyosiy iroda va ochiq muloqot tufayli O‘zbekiston barcha qo‘shnilari bilan chegaralarni delimitatsiya qilishni yakunladi va bu mintaqada barqarorlik yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari siyosati nafaqat mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qildi, balki iqtisodiy o‘sish va madaniy almashinuv uchun yangi ufqlarni ochdi. So‘nggi sakkiz-to‘qqiz yil ichida Markaziy Osiyo tubdan va sifat jihatidan o‘zgardi. U yagona mintaqa sifatida shakllanib, xalqaro huquq subyektiga aylandi.

Prezidentimiz nafaqat qo‘shni mamlakatlar bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirishni tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi deb bildi, balki O‘zbekiston bilan iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, biznes va savdo aloqalarini kengaytirishga tayyor bo‘lgan Rossiya, Xitoy, Yevropa va boshqa davlatlar, shuningdek xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston butun dunyoga ochildi, ayniqsa, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu jumladan, O‘zbekiston tashqi siyosatida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) ham shunday muhim platformalardan biridir.

O‘zbekistonning MDH faoliyatidagi ishtiroki yildan-yilga faollashib, hamkorlik turli yo‘nalishlarda izchil rivojlanmoqda. Xususan, Prezidentimiz o‘tgan sammitlarda MDH davlatlari taraqqiyoti va xalqlar farovonligiga xizmat qiluvchi 100 dan ortiq tashabbuslarni ilgari surgan.

MDH O‘zbekiston uchun shunchaki muloqot maydoni emas, balki ustuvor sohalarda amaliy hamkorlik qilishning muhim instituti hisoblanadi. Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar esa O‘zbekistonning doimiy sheriklari, qo‘shnilari va do‘stlaridir. Shu bois yurtimiz o‘zaro munosabatlarda qat’iylik va izchillikka intiladi, manfaatli hamkorlikni ilgari suradi.

Mamlakatimiz tashkilot doirasida barcha sohalarda hamkorlikning ijobiy dinamikasini saqlab kelmoqda. MDH makonida erkin savdo zonasining mavjudligi O‘zbekistonga qo‘shni davlatlar bilan savdo hajmini oshirish imkonini beradi. 2024 yilda mamlakatimizning MDH davlatlari bilan o‘zaro savdosi 23,1 milliard dollarni tashkil qildi, bu esa tashqi savdo aylanmasining 35,1 foiziga teng.

Bugungi kunda O‘zbekiston hududida MDH mamlakatlari kapitali ishtirokidagi 5,5 ming kompaniya faoliyat yuritmoqda.

Prezidentimiz tashabbuslari hayotda amalda tatbiq etilib, mintaqa rivojiga xizmat qilmoqda. 2024 yilda MDH davlatlari o‘rtasidagi xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish, 2025–2027 yillarga mo‘ljallangan deradikalizatsiya dasturi va boshqa muhim hujjatlar qabul qilindi.

O‘zbekistonning tashkilotdagi faoliyati MDH ishini jadallashtirib, unga yangi mazmun bag‘ishladi. MDH makonida to‘laqonli erkin savdo zonasini shakllantirish va transport bog‘liqligini mustahkamlash hamon dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Shu bois yurtimiz bu yo‘nalishda ham ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Joriy yil 10 oktyabr kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan MDH Davlat rahbarlari kengashida Prezidentimiz ilgari surgan takliflar yetakchi siyosatchilar va ekspertlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Sammitda Prezidentimiz transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xususiy investitsiyalarni jalb etish va davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan MDH mamlakatlari transport sohasida hamkorlik bo‘yicha konferensiyani O‘zbekistonda o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu tashabbus nafaqat yuk tashish samaradorligini oshiradi, balki eksport salohiyatini rivojlantirishga ham xizmat qiladi.

Bundan tashqari, Prezidentimiz innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish, MDH Venchur platformasini yaratish, startap va innovatsion g‘oyalarni moliyalashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi.

Shuningdek, Toshkentda “INNOPROM” ko‘rgazmasi doirasida MDH Innovatsion sanoat forumini o‘tkazish taklifi ham ilgari surildi. Bu forum qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini muhokama qilish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va texnologiya almashinuvini yo‘lga qo‘yish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning ushbu nutqi o‘zida ezgu maqsadlarni mujassam etgani bilan tarixiy ahamiyatga ega. Chunki hozirgi murakkab geosiyosiy vaziyatda MDH mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik mintaqamiz, xususan O‘zbekiston uchun tinch va barqaror rivojlanishning muhim omilidir.

Sammit yakunida imzolangan kelishuvlar va qarorlar O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror o‘sishi hamda xalqimiz farovonligining oshishiga xizmat qiladi. Umuman olganda, ilgari surilgan tashabbuslar qisqa muddatda mintaqada uyg‘un iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishni ta’minlash, o‘zaro manfaatli hamkorlik va millatlararo do‘stlikni mustahkamlashga zamin yaratadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish