O‘zbekiston bugun turli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarga a’zo. Ular orasida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) a’zolarining madaniyati, tili, an’analari, tarixi va qadriyatlari mushtarakligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. O‘xshash til, yagona din, tarixiy va madaniy rishtalar asosida shakllangan bu tuzilma mintaqaviy ko‘p qirrali hamkorlikning samarali siyosiy-diplomatik platformasiga, Markaziy Osiyo va Yevroosiyodagi siyosiy hamda iqtisodiy jarayonlarning muhim ishtirokchisiga aylanib, xalqaro maydondagi mavqeini tobora mustahkamlamoqda.
Joriy yil 6–7 oktyabr kunlari Gabala shahrida TDTning “Mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik” mavzusi ostida o‘tkazilgan navbatdagi sammitida davlatimiz rahbari, avvalo, dunyodagi global vaziyatga baho berar ekan, murakkab geosiyosiy va geoiktisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlarining kuchayishi barcha davlatlar uchun jiddiy sinov bo‘layotganini alohida ta’kidladi. Shu bilan birga, muammolarga faqat xalqaro huquq me’yorlari va BMT nizomi asosida yechim topish zarurligiga e’tibor qaratdi.
Sammitda Prezidentimiz nutq so‘zlab, konseptual ahamiyatga ega qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Ularning eng muhimlariga to‘xtalamiz.
Birinchidan, Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha Doimiy kengashini tuzish va bu kengashning loyiha ofisini Toshkent shahrida joylashtirish taklifi ilgari surildi.
Birinchi jihatdan, bu tashabbus turkiy davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni faqat ikki tomonlama emas, balki ko‘p tomonlama platforma asosida muvofiqlashtirishga xizmat qiladi. Har bir a’zo davlatning iqtisodiy salohiyati, tarmoqlar kesimidagi ehtiyojlari, savdo-sanoat infratuzilmasi va investitsion afzalliklari chuqur tahlil qilingan holda, kengash doirasida aniq va manzilli loyihalar ishlab chiqilishi mumkin.
Ikkinchidan, doimiy faoliyat yurituvchi kengash turkiy davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy siyosatni uyg‘unlashtirish uchun muhim institutga aylanadi. Chunki global iqtisodiyotdagi beqarorlik, logistika zanjirlaridagi uzilishlar va proteksionistik yondashuvlarning kuchayishi fonida, turkiy makon ichki iqtisodiy barqarorlikni va o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga muhtoj. Shu jihatdan, doimiy kengash bunday masalalarni hamjihatlikda hal etishga xizmat qiluvchi strategik qadam bo‘ladi.
Uchinchidan, kengash loyihasi ofisini Toshkentda joylashtirish tashabbusi ham alohida e’tiborga loyiq. O‘zbekiston so‘nggi yillarda transport-logistika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli iqtisodiyot sohalarida qator xalqaro loyihalarni amalga oshirmoqda. Mamlakatning geostrategik joylashuvi, transport markazi sifatidagi o‘rni va turkiy makonning markazida joylashgani Toshkentni bu kengash faoliyati uchun qulay va manfaatli maydonga aylantiradi.
To‘rtinchidan, doimiy kengash doirasida turkiy mamlakatlarning yetakchi sanoat va investitsiya tuzilmalari, tadbirkorlik uyushmalari, logistika va moliya sektori vakillari o‘rtasida doimiy muloqot va hamkorlik platformasi shakllanadi. Bu esa nafaqat davlatlararo, balki xususiy sektorlar o‘rtasidagi aloqalarni ham mustahkamlashga xizmat qiladi.
Beshinchidan, kengash faoliyat yo‘nalishlariga strategik tarmoqlar — “yashil energetika”, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati, raqamlashtirish va transport infratuzilmasini jalb etish orqali, turkiy davlatlar o‘rtasidagi muloqotni raqobat emas, balki kooperatsiya ruhida rivojlantirish mumkin bo‘ladi.
Umuman olganda, bu tashabbus Turkiy davlatlar tashkilotini faqat tarixiy, madaniy va ma’naviy birlikka asoslangan tuzilma emas, balki jahon iqtisodiyotida o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘lgan mustahkam hamda barqaror iqtisodiy makon sifatida namoyon qilishga xizmat qiladi.
Kengashning tashkil etilishi va uning faoliyat boshlashi TDT doirasidagi iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi, amaliy natijalarni tezlashtirishi shubhasizdir.