Turkiy hamjihatlik sari mustahkam qadam

Bugungi beqaror va tez o‘zgarib borayotgan geosiyosiy vaziyat sharoitida global muammolarning yechimi, barqaror taraqqiyot va xavfsizlikni ta’minlash masalalari barchamizdan uzoqni ko‘zlaydigan siyosiy yetuklik va amaliy hamkorlikni talab etmoqda. Yaqinda Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasida ham dunyo yetakchilarining nutqlari va yondashuvlari bu borada yagona pozitsiyaning hali shakllanmaganini yaqqol ko‘rsatdi.

Afsuski, G‘azo sektoridagi fojea, Ukraina atrofidagi notinch vaziyat, Eron yadroviy dasturi bilan bog‘liq muammolar va Afg‘onistondagi murakkablik nafaqat ayrim mintaqalar, balki butun insoniyat xavfsizligiga tahdid solmoqda. Bu jiddiy global muammolar zamonaviy dunyo tartiboti, xalqaro huquqning ustuvorligi hamda BMT va uning Xavfsizlik Kengashi rolini qayta ko‘rib chiqish zarurligini yana bir bor tasdiqlamoqda.

Aynan shunday murakkab sharoitda, 2025 yilning 6–7 oktyabr kunlari Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti barcha e’tibor markazida bo‘ldi. E’tiborga molik jihati shundaki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ushbu sammitdagi chiqishida global jarayonlarga xolis baho berib, turkiy mamlakatlar o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan bir qator amaliy tashabbuslarni ilgari surdi.

Shu jihatdan, bu sammit nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro miqyosda ham muhim tarixiy voqea sifatida qayd etiladi. Ta’kidlash joizki, Turkiy davlatlar tashkiloti so‘nggi yillarda xalqaro miqyosda tobora ta’sirchan tuzilma sifatida shakllanib bormoqda. Yuqori darajadagi siyosiy muloqot, o‘zaro ishonch va amaliy hamkorlik bugungi kunda aniq natijalar bilan namoyon bo‘lmoqda. Tashkilot doirasida 35 dan ortiq yo‘nalishda faol hamkorlik olib borilmoqda. Shu bilan birga, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo hajmi ham izchil o‘sib bormoqda.

O‘zbekiston tomoni Turkiy davlatlar o‘rtasida “Strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik” to‘g‘risidagi bitimni imkon qadar tezroq imzolash tarafdori. Bu hujjat hamkorligimizning siyosiy-huquqiy poydevorini belgilab, a’zo davlatlarning umumiy manfaatlar asosida faol va samarali harakat qilishini ta’minlaydi.

Shuningdek, 2030 yilgacha mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi va unga mos **“yo‘l xaritasi”**ni qabul qilish zarurligi ham ta’kidlandi. Bu hujjatlar tashkilot faoliyatini maqsadli, aniq va strategik rejalashtirish imkonini beradi.

Turkiy davlatlar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni institutsional asosda rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va “yashil” iqtisodiyot sari uzviy harakatlarni muvofiqlashtirish dolzarb vazifalardan biridir. Bu borada Iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashni tuzish, uning loyiha ofisini Toshkentda joylashtirishTurkiy sanoat alyansini shakllantirish, “Turkiy yashil yo‘laklar” elektron tizimini joriy etish hamda “Yashil transformatsiya” konsorsiumini tashkil etish kabi tashabbuslar ilgari surildi. Ayniqsa, “xomashyo – qayta ishlash – ilm va texnologiya – tayyor mahsulot” zanjiri asosidagi Hamkorlik dasturi g‘oyasi sanoat kooperatsiyasini yangi bosqichga olib chiqadi.

Ma’lumki, organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va yetkazib berishda turkiy mamlakatlar katta salohiyatga ega. FAO ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bozorida organik mahsulotlarga talab hamda bozor hajmi jadal o‘sib bormoqda. Shu ma’noda, ushbu sohada ilmiy-tadqiqot va sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish dolzarb masaladir. Umuman olganda, organik mahsulotlar bilan jahon bozoriga yagona turkiy brend ostida chiqish nafaqat iqtisodiy foyda, balki madaniy va savdo aloqalarimizni yangi yo‘nalishda rivojlantiradi.

Shu o‘rinda, transport va logistika sohasi turkiy hamkorlikning strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi. “O‘rta koridor”ni rivojlantirish va uni Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li hamda Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lash butun mintaqa uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi.

Bundan tashqari, raqamlashtirilgan bojxona tizimimaqbul tranzit tariflari va infratuzilmaviy loyihalarni muvofiqlashtirish kabi chora-tadbirlar transport sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu masalalar 12 noyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Multimodal tashuvlar forumida batafsil muhokama qilinadi.

Ma’lumki, ma’rifat va ilm-fan barqaror taraqqiyotning asosi hisoblanadi. Shu bois, ta’lim va innovatsiya sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish bugungi kun talabi. Shu ma’noda, Turkiy davlatlar xalqaro universitetining O‘zbekistonda faoliyat boshlashi“Turkiy ilm-fan va innovatsiyalar kunlari”ni tashkil etishiqtidorli olimlarni rag‘batlantirish dasturini ishlab chiqish kabi tashabbuslar turkiy xalqlarning intellektual salohiyatini birlashtirishga xizmat qiladi.

Yoshlar orasida radikal g‘oyalarga qarshi kurashish, islomofobiyaga qarshi hamjihat chiqish va ekologik bilimlarni oshirish bo‘yicha Harakatlar rejasini ishlab chiqish ham dolzarb ahamiyatga ega.

Bir so‘z bilan aytganda, Turkiy davlatlar tashkilotining Gabala shahridagi navbatdagi sammitida muhokama etilgan ustuvor masalalar, qabul qilingan qarorlar va erishilgan kelishuvlar qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yangi, sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqadi.

O‘zbekistonning o‘zaro manfaatli sheriklikka asoslangan ochiq, pragmatik va amaliy tashabbuslari ushbu jarayonda muhim o‘rin tutib, tashkilot doirasidagi hamjihatlik va birdamlikni yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi.

 
 
Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish