Sir emas, Andijon viloyati aholi soni jihatdan mamlakatimizdagi eng zich hududlardan biri hisoblanadi. Mavjud shahar infratuzilmasi bugungi demografik yuklamani ko‘tira olmayotgani bois, zamonaviy talablarga javob beradigan, keng imkoniyatli yangi shahar barpo etish zarurati tug‘ildi.
Bu zarurat Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” g‘oyasining amaldagi ifodasi sifatida hayotga tatbiq etilmoqda. Yangi Andijon shahri aynan shu g‘oyaning ma’naviy qiyofasiga aylangani desak aslo mubolag‘a emas. Zero, Prezidentimiz tomonidan Andijondagi xalq saylida ta’kidlanganidek,
“Andijon zaminida Yangi O‘zbekiston g‘oyasi, Yangi O‘zbekiston nafasi har bir mahalla, har bir xonadonga kirib bormoqda, xalqimizni baland-baland marralarga undamoqda. Bu – islohotlarimizning biz kutgan, butun xalqimiz kutgan eng katta, eng muhim natijasi.”
Haqiqatan ham, mazkur innovatsion shahar faqatgina zamonaviy inshoot, keng ko‘cha va yashash uchun qulay shart-sharoitlargina emas, balki shiddat bilan rivojlanayotgan mamlakatimizning yangi qiyofasini o‘zida mujassam etgan maskanlardan biridir. E’tiborga molik jihati ushbu shahar iqtisodiy faoliyat markaziga aylanishi ham rejalashtirilgan. U yerda texnoparklar, sanoat zonasi, innovatsion markazlar tashkil etilib, tadbirkorlar uchun keng imtiyozlar yaratiladi. Bu esa yaqin yillarda nafaqat ichki, balki xorijiy investorlar uchun ham jozibador hududga aylanishidan dalolatdir.
Yangi Andijon shaharchasiga ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot homiysi Zahiriddin Muhammad Bobur shahri deb nom berildi. Bu Bobur Mirzoning dilida qolgan armonlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida yana bir tarixiy voqea bo‘ldi, albatta. “Boburnoma” qanday betakror asar bo‘lsa, Yangi Andijon ham shunday noyob loyihaga aylanmoqda.
Bobur o‘zining adabiy asarlari orqali ming-minglab qalblarga yo‘l topgan, jahon tarixi sahnasida o‘chmas iz qoldirgan siymodir. Yangi shaharga u zotning nomi berilishi uning shoh va shoir sifatidagi boy merosini yanada teranroq anglashga, yoshlarni ilhomlantirishga xizmat qiladi.
Endi bolalar maktabga Bobur nomi yozilgan darvoza orqali kiradi. Yoshlar Bobur nomidagi kutubxonada uning asarlarini o‘qiydi. Bir so‘z bilan aytganda, shahar nafaqat yashash, balki o‘rganish, anglash, g‘ururlanish maskaniga aylanadi.