Prezident Shavkat Mirziyoyev "Burhoniddin Marg‘inoniy" majmuasining tantanali ochilishida ishtirok etdi.

27.04.2026 13:58
1286

Margʻilon shahrida “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq soʻzladi hamda majmuada barpo etilgan madaniyat va xizmat koʻrsatish obyektlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari Fargʻona ahlini ushbu tarixiy voqea bilan samimiy tabriklab, mazkur majmua nafaqat Margʻilon, balki butun Fargʻona vodiysi maʼnaviy hayotida muhim oʻrin tutishini qayd etdi.

Soʻnggi yillarda Fargʻona viloyatining turizm salohiyatini toʻliq ishga solish, hududda zamonaviy infratuzilma yaratish, tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va uni keng targʻib etish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada viloyatga xorijiy sayyohlar tashrifi bir necha barobar oshib, hududning xalqaro turizm xaritasidagi oʻrni tobora mustahkamlanmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyati 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida katta oʻzgarishlar maydoniga aylanganini taʼkidladi. Qoʻqonda aeroport qayta tiklangani, Margʻilon va boshqa shahar-tumanlarda zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, taʼlim, tibbiyot va madaniyat maskanlari, IT-parklar hamda “Yangi Oʻzbekiston” turar joy massivlari barpo etilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, Fargʻona viloyati soʻnggi yillarda nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosdagi yirik tadbirlarga ham mezbonlik qilayotgani alohida eʼtirof etildi. Qoʻqonda xalqaro hunarmandchilik festivali, Rishtonda kulolchilik anjumani oʻtkazilishi yaxshi anʼanaga aylangan. Markaziy Osiyo mamlakatlarining hududlararo hamkorlik forumlari ham Fargʻonada muvaffaqiyatli tashkil etilmoqda.

Davlatimiz rahbari soʻnggi yillarda mamlakatimizda milliy meʼmorchilik anʼanalari, tarixiy xotira va zamonaviy turizm talablarini uygʻunlashtirgan yirik majmualar bunyod etilayotganiga eʼtibor qaratdi. Samarqandda “Buyuk ipak yoʻli” va Imom Buxoriy majmualari, Xorazmda “Arda Xiva” xalqaro turizm markazi, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilgani bu boradagi ulkan ishlarning amaliy ifodasidir.

Davlatimiz rahbari nutqida Fargʻona zaminining boy maʼnaviy va madaniy merosiga alohida toʻxtaldi. Uvaysiy, Nodira, Anbar otin, Dilshod Barno, Gulxaniy, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Charxiy, Sobir Abdulla kabi shoir va adiblar, Aziz Qayumov, Erkin Vohidov, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Umarali Normatov, Anvar Obidjon kabi olim va ijodkorlar xalqimiz maʼnaviy xazinasiga ulkan hissa qoʻshgani qayd etildi.

Shuningdek, oʻzbek sanʼati va madaniyati ravnaqiga Yusufjon qiziq Shakarjonov, Usta Olim Komilov, Muhiddin Qoriyoqubov, Tamaraxonim, Halima Nosirova, Mukarrama Turgʻunboyeva, Joʻraxon Sultonov, Maʼmurjon Uzoqov kabi ulugʻ sanʼatkorlar beqiyos hissa qoʻshgani aytib oʻtildi.

Prezidentimiz sanʼat ahlining mehnati va isteʼdodini qadrlash, ularning ijodiy merosini kelajak avlodlarga yetkazish borasida katta ishlar rejalashtirilayotganini bildirdi. Sherali Joʻrayev va Farrux Zokirov maktablari tashkil etilgani, kelgusida fargʻonalik ustoz sanʼatkorlarning ham mahorat maktablari ochilishi maʼlum qilindi.

Davlatimiz rahbari “Burhoniddin Margʻinoniy” ilmiy-maʼrifiy va turizm majmuasi Fargʻona rivojida yangi davrni boshlab berishini qayd etdi. Uning taʼkidlashicha, mazkur majmuaning aynan Margʻilonda barpo etilgani chuqur tarixiy va hayotiy asosga ega. Zero, bu tabarruk shahar qadimdan ilm va maʼrifat maskani sifatida tanilgan.

 

- Biz ushbu majmuani aynan Margʻilon shahrida barpo etganimiz zamirida juda chuqur tarixiy va hayotiy haqiqat mujassam. Bu tabarruk shahar koʻplab ilm va maʼrifat egalarini voyaga yetkazgan. Tarixiy manbalarda aytilishicha, mazkur qutlugʻ maskan “Maʼrifat ahlining vatani” degan yuksak sharafga sazovor boʻlgan, - dedi Prezidentimiz.

 

Tantanali marosim katta konsert dasturi bilan davom etdi. Folklor-etnografik jamoalar hamda sanʼatkorlarning chiqishlari, milliy oʻyin va askiyalar tadbir ishtirokchilariga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish