Sammit hamkorlikning yangi istiqbollariga keng yo‘l ochadi

2017 yildan buyon O‘zbekiston Prezidentimiz boshchiligida oqilona va konstruktiv tashqi siyosat yuritish, boshqa davlatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash, birinchi galda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Bu esa o‘z navbatida mintaqada yangi siyosiy muhitning vujudga kelishi, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarining mustahkamlanishiga xizmat qildi. Aniq yutuqlar sifatida Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqarorlik va izchil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bilan bog‘liq kompleks vazifalar muvaffaqiyatli hal etilayotganini qayd etish mumkin. Misol uchun, yaqinda Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston mustaqilligining butun davrida birinchi marta uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risida shartnomaning imzolangani fikrimiz tasdig‘idir.

Gapni uzoqdan boshlaganimning sababi – bevosita davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi va qat’iy sa’y-harakatlari bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarda barqarorlik vujudga keldi. Buning natijasida xalqaro hamjamiyat Markaziy Osiyoga umumiy o‘ziga xoslikka va o‘zaro bog‘liq manfaatlarga ega yaxlit mintaqa sifatida qarashni boshladi. Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti va unda ko‘rib chiqilishi kutilayotgan qator iqtisodiy va siyosiy masalalar buning yorqin misolidir.

Samarqand sammiti doirasida savdo, sanoat, logistika, energetika sohalarida yangi loyihalar muhokama qilinadi. Bu orqali Yevropa mamlakatlaridan investitsiya jalb qilish uchun yangi platformalar yaratiladi. Qishloq xo‘jaligi, qayta tiklanuvchi energetika va raqamli iqtisodiyot sohalaridagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratilishi kutilmoqda.

Qolaversa, Samarqand sammiti O‘zbekiston va mintaqada atrof-muhitni asrash hamda “yashil” loyihalarni kengaytirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, Orol muammosi, suv resurslarini boshqarish, iqlim o‘zgarishiga moslashuv kabi masalalarda Yevropa tajribasi va mablag‘lari O‘zbekiston uchun juda katta ahamiyatga ega. Sababi, bugungi kunda “yashil energetika” Yevropa Ittifoqi uchun ustuvor yo‘nalish, bu sohada O‘zbekiston YI’dan grant va texnologiyalar jalb etishi mumkin.

Bugungi kunda O‘zbekiston ta’lim va kadrlar almashinuvi sohasida ham Yevropa Ittifoqining yetakchi davlatlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Hozirda Toshkent shahrida Italiya Turinning Politeknik universiteti, Germaniyaning Gyote instituti filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Qolaversa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning mart oyida Fransiyaga qilgan tashrifi doirasida O‘zbekiston – Fransiya universitetini tashkil etish to‘g‘risida hukumatlararo bitim hamda fransuz tilini o‘qitishni kengaytirish to‘g‘risida bayonnoma imzolangan edi.

Shu bois, ta’lim, fan va yoshlar siyosatini rivojlantirishda ham sammit doirasida samarali platformalar yaratish muhim sanaladi. Misol uchun, Erasmus+, Horizon Europe kabi dasturlarda O‘zbekiston ishtirokini kengaytirish, ta’lim va kadrlar tayyorlash, akademik almashinuvlar, til o‘rganish va innovatsion tadqiqotlar sohalarida Yevropa Ittifoqi tajribasi shular jumlasidandir.

Umuman olganda, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti va unda qabul qilingan muhim qarorlar hamkorlikning yangi istiqbollariga keng yo‘l ochadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish